Oʻzbekiston BMTning elektron hukumat tizimini rivojlantirish xalqaro reytingida 20 pozitsiyaga koʻtarildi

Thu Aug 11 00:00:00 EDT 2016

Joriy yilning 30 iyul kuni Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan navbatdagi jahon mamlakatlari elektron hukumatlari tizimlarini rivojlantirish boʻyicha 2016 yilgi Tadqiqoti (UN E-Government Survey 2016) “Barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash uchun elektron hukumat” nomi ostida chop etildi (E-Government in Support of Sustainable Development).

Mazkur tadqiqot har ikki yilda BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha Departamenti tomonidan 2003 yildan buyon amalga oshiriladi va jahondagi 193 mamlakatlarda elektron hukumatlarni rivojlantirish boʻyicha eng muhim reyting hisoblanadi.

Tadqiqotning asosiy koʻrsatkichi Elektron hukumatni rivojlantirish Indeksi (E-Government Development Index, EGDI) boʻlib, mazkur koʻrsatkich elektron xizmatlarning rivojlanish darajasini, AKT infratuzilmasi va inson kapitalining rivojlanishiga umumiy baho beradi. 2016 yilgi reytingda Oʻzbekiston EGDI indeksi 0,54335ni tashkil etib, ushbu koʻrsatkich jahon oʻrtacha koʻrsatkichidan yuqori hisoblanadi. Nashr etilgan reytingga asosan Oʻzbekiston 80-oʻrinni egallab, 20 ta pozitsiyaga koʻtarildi (2014 yilda – 100-oʻrin).

“Elektron xizmatlar” subindeksi boʻyicha Oʻzbekiston jahonda 47-oʻrinni egallasa, MDH davlatlari orasida 3-oʻrinni egalladi. Taʼkidlash joizki, “informatsion xizmatlar” koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekiston maksimal 100%ni qoʻlga kiritgan hamda “toʻliq elektron xizmatlar” koʻrsatkichi boʻyicha 24%dan 52% ga, yaʼni 2014 yilga nisbatan ikki barobar yaxshiroq koʻrsatkichga erishgan.

Tadqiqotning yana bir muhim indikatori Elektron ishtirok etish Indeksi (E-Participation Index, EPI) hisoblanib, mazkur koʻrsatkich jahon mamlakatlarida fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining davlat va mahalliy boshqaruv organlari bilan oʻzaro aloqalarini yoʻlga qoʻyishda AKTdan foydalanish darajasini baholaydi. Mazkur elektron ishtirok etish Indeksi reytingida Oʻzbekiston 24 pozitsiyaga koʻtarildi (yaʼni, 2014 yilda 71 oʻrin - 2016 yilda 47 oʻrinni egallagan). 2016 yilgi tadqiqotda BMT ekspertlari Oʻzbekistonda kommunal xizmatlar (e-kommunal.uz), ochiq maʼlumotlar (data.gov.uz) hamda meʼyoriy-huquqiy hujjatlar muhokamasi (regulation.gov.uz) portallariga alohida ijobiy baho berishgan va davlat tomonidan fuqarolar bilan ishlashda ochiqlik va musaffolikni taʼminlashda muhim ekanligini taʼkidlashgan.

Tadqiqotda ochiq maʼlumotlar jamiyatda adolatning qaror topishi, samarali, hisobot beruvchi va inklyuziv institutlarning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlangan. “Xususan,Yu Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali 2015 yilda ishga tushirilgan boʻlib, unda 500 dan ortiq maʼlumotlar toʻplami jamoatchilik eʼtibori uchun ochiq holda joylashtirilgan, shuningdek mazkur portal 25 dan ortiq giperssыlkalar orqali davlat organlari veb-saytlari bilan oʻzaro bogʻlangan”.

BMT tadqiqotida shuningdek e-kommunal.uz portali ham tilga olingan. “Mazkur sayt bir qancha kommunal xizmatlarni koʻrsatadi, jumladan maxsus tariflar kalkulyatori yordamida kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorlik summalari aniqlash mumkin. Bundan tashqari, portalda diskussion forum oʻtkazish imkoniyati yaratilga boʻlib, uning yordamida fuqarolar oʻz muammolari toʻgʻrisida davlat organlariga murojaat qilishlari mumkin. Masʼul davlat organlari xodimlari mazkur savollarga javob berishlari va qabul qilingan qarorlari toʻgʻrisida fuqarolarga xabar berishlari shart. 2015 yilning 10 dekabr holatiga mazkur portal orqali 4641 murojaat yuborib, shulardan 67%i toʻliq qoniqtirilgan”.

Halqaro miqiyosda mazkur bahoning berilishi Oʻzbekistonda Hukumat tomonidan AKTga va elektron hukumat tizimini rivojlantirishga katta eʼtibor berilayotganligidan dalolat beradi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2013 yil 27 iyundagi №PQ-1989 sonli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida 2013-2020 yillarda Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha Kompleks dasturi qabul qilindi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish Markazi va Informatsion xavfsizlikni taʼminlash Markazlari yaratildi. 2013 yilning iyul oyidan boshlab Davlat interaktiv xizmatlari yagona portali (my.gov.uz) ishga tushirildi, bugungi kunda ushbu portal orqali jismoniy va yuridik shaxslarning 700 mingdan ortiq murojaatlari koʻrib chiqilgan.

Mazkur reytingning yaxshilanishida Oʻzbekiston va BMTning Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorligi ham muhim rolь oʻynadi. BMTning Taraqqiyot dasturi Oʻzbekistonda elektron hukumat tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi va axborotlashtirishni qoʻllab quvvatlash borasida asosiy hamkorlardan biri sifatida muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etdi.

Jumladan, ushbu sohani rivojlantirishga qator loyihalar: “Raqamli rivojlantirish tashabbusi” (2002-2005 y.), “Oʻzbekistonda internet texnologiyalarini rivojlantirish salohiyatini qoʻllab-quvvatlash” (2005-2006 y.), “AKT siyosatini ishlab chiqish va tadbiq etishda Oʻzbekiston hukumatiga koʻmaklashish” (2005-2010 y.) loyihalari amalga oshirildi. AKT boʻyicha alohida komponentlar BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan “Mahalliy boshqaruv orlanlarini qoʻllab-quvvatlash” (2010-2017 y.), “Oʻzbekiston Biznes-Forumi” (2011-2017 y.), “Qonunchilikni modernizatsiyalash va meʼyoriy huquqiy hujjatlarning taʼsirini baholash” (2014-2016 y.), “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik” (2014-2017 y.) va boshqa loyihalarda amalga oshirilib kelinmoqda.

Ushbu sohada eng muhim yoʻnalish BMTning Taraqqiyot dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yaxshilash uchun elektron hukumatni rivojlantirish” loyihasi (2014-2017 y.) katta ahamiyatga ega boʻlib, ushbu loyiha asosan Oʻzbekiston Respublikasida 2013-2020 yillarda Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha Kompleks dasturini amalga oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish mobaynida qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda, xususan 2015 yilning dekabr oyida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hukumat toʻgʻrisidagi” Qonuni, markaziy maʼlumotlar bazalarini yaratish, davlat elektron xizmatlarini koʻrsatish tartibini takomillashtirishga va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qator hukumat qarorlarini qabul qilishda koʻmak koʻrsatilgan. Shuningdek, loyiha doirasida ochiq maʼlumotlar va davlat xizmatlarini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlari boʻyicha ilk bor tashabbuslar amalga oshirilishi natijasida onlayn xizmatlarni koʻrsatish va elektron ishtirok etish koʻrsatkichlari boʻyicha Oʻzbekiston umumiy reytingining yaxshilanishiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatildi.

BMTning Taraqqiyot dasturi jahondagi ilgʻor mamlakatlarning elektron hukumat sohasidagi yetuk tajribalari va bilimlarini oʻrgangan holda Oʻzbekiston hukumatiga davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qilish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga koʻmaklashishda davom etadi.