O‘zbekistonda qanday qilib elektron hukumatni keng targ‘ib qilish va ommalashtirish mumkin?

Fri Jun 17 00:00:00 EDT 2016

Bu masala, Toshkent shahrida, elektron hukumatni targ‘ib qilishda kommunikatsiyalarning axamiyatini muhokama qilish uchun, “Poytaxt” biznes markazida yig‘ilgan davlat axborot xizmati xodimlari, ijtimoiy munosabatlar bo‘yicha mutahassislar va jurnalistlar uchun bo‘lib o‘tgan o‘quv seminarda asosiy mavzu bo‘ldi.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi tomonidan, BMT Taraqqiyot Dasturi va Osiyo taraqqiyot bankining elektron hukumatni targ‘ib etish bo‘yicha loyihalari bilan xamkorlikda tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining Birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayev elektron hukumatning afzalliklari hakida axoli va tadbirkorlik sub‘ektlari orasida xabardorlikni oshirish muximligini ta‘kidlab utdi. Tadbir dolzarbligi “Elektron hukumat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Konunining 10 iyun kuni kuchga kirishi hamda vazirlik va idoralar oldida elektron xizmatlarni va arizachilar bilan shaxsan muloqotsiz xamkorlik usullarini joriy etish bo‘yicha katta vazifalarni yuklanishi bilan bog‘liq. A.Fayzullayevning ta‘kidlashicha, mazkur seminar elektron hukumat yo‘nalishda amalga oshirilayotgan isloxotlarning mazmun-moxiyatini tushuntirishda davlat organlari axborot xizmatlari va OAV vakillari salohiyatini mustaxkamlashga qaratilgandir.

O‘quv seminarning asosiy qismi BMTTD “Elektron hukumatni rivojlantirish orqali davlat xizmatlari sifatini oshirish” loyihasi raxbari Bunyod Avliyoqulovning 2016-2020 yillarda elektron hukumatni targ‘ib kilish bo‘yicha kommunikatsion strategiyasi loyihasi taqdimoti bilan boshlandi. Hujjatda elektron hukumatni targ‘ib etish sohasida mavjud bo‘lgan vaziyat tahlil qilingan, strategiyaning maqsad va vazifalari shakillantirilgan, hukumat bilan o‘zaro elektron muloqotning foyda va afzalliklari xaqida turli maqsadli auditoriya xabardorligini oshirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilangan. Ma‘ruzachi Web 2.0 va kraudsorsing (crowdsourcing) kabi zamonaviy kommunikatsiya vositalarining istiqboliga aloxida e‘tibor qaratib, mamlakat rivojlanishi yo‘lidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishda ochiq ma‘lumotlarning muhimligini ta‘kidladi. BMTTD loyihasi raxbarining taqdimoti bilan bu yerda tanishib chiqish mumkin.

Elektron hukumatni targ‘ib etish bo‘yicha xalqaro tajriba va zamonaviy tendentsiyalar haqida “Davlatni samarali boshqarish uchun elektron hukumat” OTB loyixasining jamoatchilik bilan aloqalar buyicha mutahassisi Nargiza Alikulova bayon qilib berdi. Taqdimotda asosiy urg‘usi ijtimoiy tarmoqlar asrida axborotlarni qabul qilishning zamonaviy tendentsiyalariga qo‘yildi. OTB loyixasining PR-mutahassisi elektron hukumat xizmatlari ommabop bo‘lgan mamlakatlarda qo‘llaniladigan ma‘lumotlarni uzatishning samarali usullari bo‘yicha misollar keltirdi. Ishtirokchilarda matn va vizual ma‘lumotlar yordamida odamlar e‘tiborini jalb etuvchi axborot xabar turlarining qiyosiy tahlili katta qiziqish uyg‘otdi. Nargiza Alikulovaning taqdimoti bilan tanishish uchun shu yerni bosing.

Osiyo taraqqiyot banki loyiha koordinatori Baxodir Ayupov uzining “Kommunikatsion reja ishlab chiqishda dizayn-fikrlash” deb nomlangan interaktiv taqdimotida tahliliy emas, balki ijodiy yondashuvga asoslangan muammolarni yechish metodologiyasiga bag‘ishlangan zamonaviy va qizikarli mavzuni ochib berdi. U turli hil muammolarni, shu jumladan matbuot xizmatining kommunikatsiya rejasini ishlab chiqish bilan bog‘liq masalalarni hal etishda ushbu innovatsion usuldan foydalanish yo‘llari xaqida gapirib o‘tdi. Ushbu uslub zaminida fanlararo yondashuv, prototiplash, iteratsiyalash, hamda foydalanuvchi manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish tamoyillari yotadi. Turli voqea va tarixiy tafsilotlar, amaliy vazifalar va topishmoqlardan foydalangan xolda, OTB loyixa koordinatori tinglovchilarga mo‘ljalga aniq uruvchi PR-rejani ishlab chiqish yo‘lini tushuntirib berdi.

O‘zbekiston Republikasi Milliy Universitetining Internet-jurnalistika kafedrasi dotsenti t.f.n. Sherzod Qudratxo‘jayevning “Elektron hukumati taraqqiyoti sharoitida matbuot xizmatlarining faoliyati” mavzusidagi taqdimoti ham juda qizikarli o‘tdi. Mutahassis o‘z ma‘ruzasida seminar katnashchilariga eksklyuziv yangiliklarni yaratish borasida qimmatli maslahatlarini berdi, internet orqali chop etiladigan materiallarga shakl berish to‘g‘risida ular bilan fikr almashdi, matbuot xizmatlari vakillari bilan muloqot qilib va ularning qiziqtirgan savollariga javob berdi. Sherzod Qudratxo‘jayevning takdimoti bilan shu yerda tanishish mumkin.

Taqdimotlar yakunida “savol-javob” sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya davomida ishtirokchilar o‘z muloxazalarini bildirish va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘laqonli javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbirning ikkinchi qismi, tinglovchilar tomonidan olingan bilimlarni o‘zlashtirib olish maqsadida, amaliy mashg‘ulotga bag‘ishlandi. Mashg‘ulot qatnashchilariga 5 ta jamoaga bo‘linib, 15 daqiqa ichida mustaqil ravishda turli maqsadli auditoriyalar uchun kommunikatsiya rejasini ishlab chiqish vazifasi berildi.

Birinchi gurux yoshlar uchun onlayn xizmatlarini targ‘ib etish rejasini tuzdi.

Mo‘ljaldagi auditoriyaning xayot tarzini, uning manfaatlarini inobatga olgan holda, jamoa internet-portallar, ijtimoiy tarmoq, tarqatma materiallar, telekommunikatsiya va boshqa bir qator muhim targ‘ib qilish kanallarini tanladi. Gurux qatnashchilari o‘z rejasini yoshlarning tendentsiyasiga suyangan xolda ishlab chiqilishi muhimligini alohida ta‘kidlab o‘tdilar.

Ikkinchi jamoa biznes sektor vakillari uchun qiziqarli bo‘lgan rejani taqdim etdi.

Muloqot rejasi qisqa va aniq shaklga ega bo‘ldi. Uni ishlab chiqishda mamlakatimiz aholisi kundalik xayotining barcha nozik qirralari hisobga olindi, shu sababdan, maxallalar O‘zbekiston elektron hukumatining biznesga oid hizmatlarini targ‘ib qila oladigan kanallarning asosiysi deb tan olindi.

Uchinchi guruh, ishtirokchilari yosh bo‘lishiga qaramay, pensiya yoshidagi odamlarga mo‘ljallangan muloqot rejasini tuzdi.

Guruh qatnashchilari tomonidan keksa fuqarolarga mo‘ljallangan bir nechta onlayn hizmatlar targ‘iboti bo‘yicha fikrlar taklif qilindi. Mo‘ljaldagi auditoriya imkoniyatlarini hisobga olgan xolda an‘anaviy PR-kanallar, ya‘ni televideniye, radio va bosma matbuot vositalari maqsadga muvofiq deb topildi. Shu bilan bir qatorda, nafaqa olish maskanlarida xizmatlar to‘g‘risidagi axborot bukletlarini tarqatish, xamda keksa yoshli fuqarolar bilan to‘g‘ri muloqot qilishga maxsus  tayyorlangan operatorlar yordamida “ishonch telefonlarini” tadbiq qilish borasidagi takliflar xam taqdim etildi. Bunga qo‘shimcha xolda, pensionerlar orasida kompьyuter savodxonligini oshirish kurslarini tashkil qilish va ommaga yoyish borasidagi fikrlarini xam bildirdilar.

To‘rtinchi jamoa aholi o‘rtasida idoralararo elektron xizmatlarini targ‘ib qilish rejasini ishlab chiqdi.

Asosiy aloqa kanallari sifatida maxalla qo‘mitalarining e‘lonlar taxtasi, xususiy mulk egalari urtoqlik kengashi axborot stendlari va turli onlayn resurslari tanlandi: Internet axborot agentliklari, ijtimoiy tarmoqlar, forumlar.

O‘quv seminarining amaliy bo‘limini beshinchi gurux ishtirokchilari yakunladilar. Ular xamkasblariga ommaviy axborot vositalari uchun kommunikatsiya rejasini taqdim etdilar.

Jamoa a‘zolari davlat organlari matbuot xizmatlariga turli xil faoliyatini yoritish maqsadida saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va televideniyeda video- va foto-lavhalarni chop etish, matbuot sayoxatlari kabi tadbirlarni tashkil qilishlarini tavsiya qildidar. Jamoa o‘z rejasini infografika ko‘rinishda taqdim qilgani e‘tiborga sazovor bo‘ldi.

O‘quv seminari yakunida tashkilotchilar, o‘tkazilgan tadbirning samaradorligini tahlil qilish hamda kelajakda kommunikatsiya va elektron hukumat mavzulari bo‘yicha o‘tkaziladigan o‘quv tadbirlarga ehtiyojlarni aniqlash maqsadida, ishtirokchilardan so‘rov-anketani to‘ldirishlarini so‘radilar. Ishtirokchilar o‘z anketalarida bo‘lib o‘tgan seminarning foydaliligini yuqori baholadilar va tez-tez shu kabi seminar va mahorat darslari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi istaklarini bildirdilar.