1966-2016: Toshkent zilzilasiga 50 yil

Sat Apr 30 00:00:00 EDT 2016

Roppa rosa 50 yil muqaddam – 1966 yilning 26 aprel kuni, mahalliy vaqt bilan tongi soat 5:23da Toshkentda halokatli zilzila sodir bo'lgan. Shu vaqtda Toshkentda istiqomat qilayotgan 1,5 million aholidan 300 ming nafari boshpanasiz qolgan. Uch yarim yilda poytaxtimiz to'liq qayta qurildi. Shahar chetlarida yangi yashash massivlari qad ko'tardi, vayronalarga aylangan shahar markazida yangi ko'p qavatli binolar qurildi. Shu tarzda Sirg'ali shaharchasi bunyod etildi. Umumiy hisobda 1 million kvadrat metr yashash joylari, maktablar, ijtimoiy va ma'muriy binolar barpo etildi.

Bugungi Toshkent, avvalo xavfsizlik nuqtai nazaridan barpo etilgan bo'lib zamonaviy arxitektura, muhandislik mahoratlarining yaqqol namoyonidir. O'zbekiston Hukumati tomonidan aholimizni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, tabiiy ofatlarning xavfini kamaytirishga alohida e'tibor qaratilib kelinmoqda. Barcha binolar mustahkam, zaruriy qoida va me'yorlar asosida qurilishi ustivor vazifalardan biridir. Favqulodda vaziyatlarda to'g'ri harakat qilish, turli tabiiy ofatlarda xavfsizlikni ta'minlash borasida aholini xabardorligini oshirish, bir so'z bilan aytganda yurtimizda fuqaro muhofazasini ta'minlash davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Aholini zilziladan, uni ro'y bergan vaqtda va undan so'ng to'g'ri harakat qilish qoidalaridan boxabar qilishga yo'naltirilgan keng ko'lamli tadbirlarni o'tkazish tashabbuskori O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo'lib, ularni BMTning O'zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

- Biz zilzilalar bilan bog'liq favqulodda vaziyatlarda rioya qilinish lozim bo'lgan qoidalar haqida aholining bilimlarini oshirish bilan faol shug'ullanmoqdamiz. Masalan, 2016 yilning 19-20 aprel kunlari Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Toshkent shahrining Yunusobod tumanida aholining zilzilalarga tayyorgarlik masalalarida xabardorligini oshirishga qaratilgan ko'rgazmali amaliy seminarlar turkumi o'tkazildi. Uchrashuvlarda umumta'lim maktablar o'quvchilari va mahalla fuqarolar yig'inlari raislari ishtirok etishdi,- deydi Ulug'bek Qodirov, FVVning aholi va rahbar tarkibni tayyorlash bo'limi boshlig'i.

Maktablarda o'tkazilgan tadbirlar mobaynida ishtirokchilarga hujjatli film namoyish etildi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining seysmologiya instituti mutaxassislari tomonidan taqdimotlar o'tkazildi, ularda zilzilalarning tabiati, ungacha, u ro'y berayotgan vaqtda va keyingi holatlarda odamlar o'zlarini qanday tutishlari zarurligi haqida batafsil ma'lumot berildi. O'zbekiston Qizil yarim oy jamiyati ko'magida o'tkazilgan Favqulodda holatlarning kichik instsenirovkalari hayot xavfsizligi asoslari bo'yicha o'quvchilar tomonidan darslarda olingan jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish ko'nikmalarini mustahkamlash, nostandart holatlardagi harakatlar borasidagi bilimlarini namoyon etish, hamda sinfda seysmik barqaror muhitni yaratishda ishtirok etish imkonini berdi. 

- Maktabimizda bugun o'tkazilgan instsenirovka orqali biz birinchi tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha o'z bilimlarimizni namoyish qilishga muvaffaq bo'ldik. Sinfdoshlarimdan ikki nafari zilzila natijasida jarohatlanganlar rolini ijro etishdi. Ularning birini qo'li, ikkinchisi esa oyog'i lat egan edi. Men bolalardan birini tekshiruvdan o'tkazdim va boldiri singanini aniqladim. Uni ikkita taxtacha bilan mahkamlab qo'ydim. Shundan so'ng biz mahalliy kasalxonaning travmatologiya bo'limiga murojaat qildik, - dedi Nozima Yo'lchieva, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi №12 o'rta umumta'lim maktabining o'quvchisi.

Mahalla fuqarolar yig'inlari raislari va a'zolari ishtirokidagi seminarlar, yuqorida tilga olingan masalalardan tashqari, o'ziga aholini zilzilalarga tayyorligining zaif tomonlari va salohiyatlarini baholash bo'yicha axborotni, mahalla hududida favqulodda vaziyat ro'y bergan holatda axborotni tezkor to'plash va umumlashtirish kabi ma'lumotlarni o'ziga jamladi.

Yubiley sanasi arafasida o'tkazilgan boshqa qo'shma tadbir 14-20 aprel kunlari tashkil etildi va u zilzila vaqtida to'g'ri harakat qilish qoidalarini eng yaxshi bilimdonlari tanlovidan iborat bo'ldi. Axborot FVV va BMTTDning saytlarida joylashtirildi, hamda mahalliy mobil aloqa abonentlariga yuborildi. Tanlovda 30 ming nafardan ortiq odam ishtirok etishga qiziqish bildirdi, 720 nafari o'zlarining javoblarini yo'lladilar, ularning 351 nafarini javobi to'g'ri deb topildi. Qur'a tashash yo'li bilan 20 nafar g'olib tanlab olindi, ularga bosh sovrin – smartfon topshirildi va O'zbekiston Respublikasi FVVning fuqarolik muhofazasi Institutidagi zilzilalarni simulyatsiya qilish markaziga tashrif buyurish imkoniyati berildi.   

- Meni tanlovda g'olib bo'lishim quvonchli va kutilmagan yangilik bo'ldi. Men zilzila vaqtida o'zimni qanday tutishim kerakligi haqida yozgandim. Bu mavzu men uchun juda ham qiziqarli, chunki har bir inson oddiy qoidalarni bilishi lozim. Ushbu tanlov orqali men ko'plab yangiliklarni bilib oldim - biz zilzila tarixi muzeyida maroqli ekskursiyada bo'ldik, maxsus trenajer bo'lgan simulyatorda yer osti silkinishlari kuchini o'zimda his qildim. Bu men uzoq vaqt yodimda saqlaydigan, ta'rif qilib bo'lmaydigan hissiyotdir. Albatta, hech kim vayronalar ostida qolib ketmasligini va vahima dahshatini boshidan kechirmasligini tilayman, lekin endilikda o'zimni qanday harakat qilish va nimalarni amalga oshirmasligimni aniq bilib oldim, - Zilola Mirzaeva, tanlov g'olibi.

Undan tashqari, 22 aprel kuni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida seminar-trening bo'lib o'tdi. Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar Akademiyasining seysmologiya instituti, Davlat arixitektura va qurilish qo'mitasi va boshqa bir qator vazirlik va idoralar mutaxassislari soha yo'nalishi bo'yicha qator qiziqarli ma'ruzalar qilishdi va mazmunli taqdimotlarni o'tkazishdi. Ishtirokchilar ma'ruzalar davomida zilzilalarning tarixi, kelib chiqish sabablarini, ularni bashoratlash, O'zbekistonda seysmologiya sohasini rivojlanishi, binolarning zilzilabardoshligini ta'minlashda qurilish sanoatining zamonaviy imkoniyatlari, hamda aholining yuz berishi mumkin bo'lgan tabiiy ofatlarga tayyorligini oshirish bo'yicha Respublikada olib borilayotgan ishlarga oid bir qator ma'lumotlar olishdi.

1966 yilda vayron bo'lgan turli binolar maketlarining keng ekspozitsiyasi joylashgan zilzilalar tarixi muzeyiga tashrif, hujjatli film namoyishi OAV vakillariga mazkur tabiiy ofatning fenomenini batafsil o'rganish, o'sha davrdagi voqealarni his qilish imkonini berdi. Mehmonlar, shuningdek, turli yillarda yaratilgan seysmograflar, zilzilaga bardoshlikni tashhis qilish usullari bilan tanishdilar, ularga seysmik bosim va turli zamonlardagi zilzilalarning shiddati qanday o'lchanganligi haqida so'zlab berildi. Mehmonxona ko'rinishida yaratilgan xonada zilzila simulyatoriga tashrif buyurish eng yorqin xotira qoldirdi, u yerda har bir keluvchi 9 ballgacha bo'lgan yer osti silkinishlari kuchini va ularning oqibatlarini his qilish imkoniga ega bo'ldi. Bu yerda seminarda olingan zilzila vaqtida va undan keyingi to'g'ri harakatlar haqidagi bilimlar as qotdi.  

- Hatto eng kuchli zilzila vaqtida ham barcha me'yorlar va qoidalar asosida qurilgan bino butunligicha qoladi. Qurilish me'yorlariga rioya qilmaslik esa binolarning vayron bo'lishi, odamlarni harakat qoidalarga rioya qilmasligi istalgan kuchdagi zilzila vaqtida halokatga olib keladi. Zilzila vaqtida bino ichida to'g'ri holatda bo'ling, shunda siz tokchalardan tushayotgan ashyolardan aziyat chekishingiz juda ham kam holatda ro'y beradi, deya qayd etdi Fuqarolik muhofazasi Institutining kafedra boshlig'i Samandar Hikmatullaev.

Xotira sanasi arafasida mana shunday tadbirlar turkumini o'tkazilishi bugungi kunda xorijik mutaxassislar katta qiziqish bildirayotgan mamlakatimizdagi seysmologiyani fan sifatida rivojlanish darajasini namoyon etish imkonini berdi. Shuningdek, u zamonaviy shaharsozlik imkoniyatlarini yana bir bor ko'rsatish, barqaror rivojlanish yo'lidagi muhim bo'g'inlardan biri bo'lgan xavfsizlik me'yorlari va xatarlarni kamaytirish borasidagi qoidalarga rioya qilish muhimligini fuqarolarga tushuntirish va ko'rsatmali ravishda namoyish qilishga sabab bo'ldi.

* “O‘zbеkiston Rеspublikasining tabiiy ofatlar xavfini boshqarish bo‘yicha salohiyatini mustahkamlash” FVV hamda BMTTD qo‘shma loyihasi ma’lumotlari asosida