Sanitariya va gigiyena – sog`lom hayot

Sat Oct 31 00:00:00 EDT 2015

Suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena insonning asosiy ehtiyojlari qatoriga kirib uning sog`lom hayot kechirib rivojlanishida alohida ahamiyatga ega. JSST ma’lumotiga ko`ra, bugungi kunda dunyo aholisining 89 foizi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo`lsada, har yili sayyoramizda 2,2 million kishi antisanitariya muhitidan kelib chiqadigan kasalliklar tufayli vafot etmoqda. Ich burug`i va bezgak — besh yoshgacha bo`lgan bolalar orasidagi o`lim sababchilar qatorida. Mutaxassislar sog`likni saqlash va ta`lim sohalari orasidagi hamkorlikka chorlaydilar. Axir ba`zida oddiy gigiyena choralarini qo`llash, ichimlik suvi sifatini va uni saqlash sharoitlarini yaxshilashning o`zi ham yetarli. Bu yerda sanitariya va gigiyena ta`limoti, yani qo`l yuvish, kun tartibini tuzish, badanni chiniqtirish, kiyim-kechak va xonalarni ozoda tutish natijasida kasallanish hollarini 40 foizgacha kamaytirish mumkinligini tushuntirish alohida ahamiyatga ega.

O`zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi inson hayoti va faoliyati uchun o`ta yuqori ahamiyatga ega bo`lgan sohada ta`limni oshirish masalalariga alohida e’tibor bermoqda. Tuman va mintaqalarda sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish zarurligi haqida bilimlarni oshirish komponentlarini o`ziga olgan bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan birining namunaviy hududi sifatida Zarafshon daryosi havzasi yerlari tanlangan.

Sentabr boshlarida Samarqand viloyatining Pastdarg`om tumanidagi “Kanal Yoqa” va “Sayram” qishloqlari aholisi “Qishloq jamoasi hayoti barqarorligini kuchaytirish: iqtisodiy farovonlik va sog'lom muhit” namunaviy loyihasi doirasida o`tkazilgan ikkita trening-seminarda ishtirok etishga muvaffaq bo`ldi. Loyiha mutaxassislari, tuman hokimligi vakillari, sanitariya va epidemiologiya markazi hamda tibbiyot sohasi xodimlari ikkita mahalliy maktablarda qator taqdimotlarni o`tkazganlar. Mahalliy hokimiyat, boshqarma idoralari vakillari, o`qituvchi va o`quvchilar hamda mahalla faollari ham bo`lib o`tgan muhokamalarga katta qiziqish bildirishgan.        

O`tilgan mavzularni mustahkamlash hamda olingan bilimlarni boshqa maktab o`quvchilari orasida tarqatish maqsadida sog`lom hayot tarziga chorlovchi “Sanitariya va gigiyena – sog`lom hayot” maxsus Qo`llanmasi ishlab chiqilgan va nashr etilgan. Ozodalik va tozalik odatlariga rioya qilgan holda, 31 oktabr kuni seminarlarning barcha ishtirokchilari, qo`shni mahallalar aholisi, BMTTD vakillari bilan birgalikda sog`lom hayot sari yangi bosqich ramzi sifatida hasharga chiqdilar.

Gigiyena masalalarining mazmuni hamda toza atrof-muhitning inson sog`ligi uchun ahamiyati borasidagi bilimlarni oshirish O`zbekistondagi BMTTD tomonidan ishlab chiqilgan Zarafshon daryosi havzasida suv ta’minoti va sanitariya tizimini takomillashtirish strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Uni amalga oshirish orqali 3 milliondan ziyod aholining turmush farovonligini oshirish ko`zda tutilgan, bu esa, o`z navbatda, mingyillik rivojlanish maqsadlariga binoan ekologik barqarorlikni ta’minlash yo`lidagi yana bir muhim qadam bo`lib xizmat qiladi. 

* “Zarafshon daryosi havzasi uchun suv rеsurslarini muvofiqlashtirilgan boshqarish va suvni tеjash rеjasi” loyihasi ma’lumotlari asosida