BMTTD O‘zbekistonda: majmuaviy vazifalarni hal qilishga nostandart yondashuv

Fri Oct 16 00:00:00 EDT 2015

Yaqinda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi “Kanal yoqa” qishlog‘i aholisi toza ichimlik suvini ola boshlagan edi, bugun esa qo‘shni “Sayram” qishlog‘i bilan birgalikda tabiiy resurslarga bosimni pasaytirish imkonini beruvchi mehnat faoliyati turlarini kengaytirish usullarini o‘zlashtirmoqdalar.

Suvdan samarali foydalanish uslublarini yo‘lga qo‘yish O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Namunaviy hudud sifatida Zarafshon daryosi havzasi tanlab olindi va u yerda katta ishlar amalga oshirildi, ijobiy natijalarga erishildi.

U. Amirov, Pastdarg‘om tumani hokimiyatining iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i: «BMTTDning ko‘magida tumanimizda qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, suv bilan ta’minlashning yangi avtonom tizimi tufayli suv resurslarini boshqarishning ilg‘or texnologiyalarini qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ldi. Masalan, 10dan oshiq xonadonda tomchilab sug‘orish tizimlari o‘rnatildi, ikkita issiqxona tashkil etildi. Suvni yuqoriga ko‘tarish qurilmasi 30dan ortiq oilaga tomorqada xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Maktablar ham nazarda chetda qolgani yo‘q, ularda bolalar bilan sanitariya va gigiyena masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Biz mazkur tajribani butun tumanga tarqatishga harakat qilamiz.

BMTTDning qo‘lda gilam to‘qish studiyasini ochilishidagi ko‘magini alohida minnatdorchilik bilan qayd etmoqchiman, natijada “Elbek” mahallasining 30 nafardan ortiq xotin-qizlarini ishga joylashtirish imkoni tug‘ildi. Bu tumanimiz aholisining mehnat faoliyati turlarini kengaytirish borasidagi ishlarni boshlanishi, u nafaqat suv, yer resurslariga bosimni pasaytirish, balki eksklyuziv gilamlarni ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yish, tashqi bozorga tayyor mahsulot bilan chiqish imkonini beradi. Mazkur uzoq muddatli loyihani amalga oshirilishi aholimiz farovonligiga ijobiy ta’sir qilishiga ishonamiz».

Mamlakatning ko‘plab hududlaridagi aholi faoliyatining o‘ziga xos xususiyati tabiiy resurslarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, yerlarni tanazzuliga, daryo va soylardagi suv darajasini pasayishiga olib keladi. BMTTDning Global dasturi va Koka Kola kompaniyasining yuqorida tilga olingan qo‘lda gilam to‘qish Studiyasini tashkil qilish bo‘yicha tashabbusi muammoni hal qilish usullaridan biri bo‘ldi. U “Samarqand-Buxoro ipak gilami” fabrikasi va Pastdarg‘om tumani hokimiyati rahbariyatining ko‘magi asosida tashkil etildi. Uni ochilishi turli, shu jumladan, an’anaviy faoliyat turlariga jalb qilish orqali aholi bandligini oqilona taqsimotiga misol bo‘lib xizmat qiladi, bu ham gender rollarini taqsimlashda muhimdir.

Qo‘lda gilam to‘qish O‘zbekistonda qadimdan keng tarqalgan. Gilamning eng qadimiy namunasi Xorazmda o‘tkazilgan qazish ishlarida topilgan va mutaxassislar uni eramizdan avvalgi birinchi ming yillikka mansub deb topishgan. Mazkur ish azaldan ayollar hunari bo‘lgan va, xotirasida yuzlab naqshlar va gilamni to‘qish sirlarini saqlagan holda, hunarmandlar ularni o‘z qizlari, kelinlari, nevaralariga meros qilib qoldirganlar. Tabiiy ipakdan qo‘lda tikilgan gilamlarni ishlab chiqarish Samarqand va Buxoroga xos edi, shuning uchun ham BMTTDning “Samarqand-Buxoro ipak gilami” fabrikasining bo‘limi sifatida Studiyani ochish tashabbusi Pastdarg‘om tumani rahbariyati va aholisi tomonidan ijobiy qabul qilindi.

«Men O‘zbekistondagi BMTTDning tashabusi va qo‘llab-quvvatlashi tufayli mahallamiz ayollari mazkur ajoyib hunarga o‘rganishgani va endilikda o‘zlarining kelin va qizlarini unga jalb qila olish imkoniyatiga ega bo‘lganliklaridan juda ham xursandman», – deydi Gulnora Tursunova, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Sayram qishlog‘idagi “Elbek” mahalla qo‘mitasining maslahatchisi.

Gulnora qo‘lda gilam to‘qishga o‘qitish bo‘yicha 40 kunlik kunduzgi maxsus kurslar mobaynida tashkiliy masalalar bilan shug‘ullandi. Bo‘lajak hunarmandlarni tanlab olardi, ularning oilalariga Studiyada ishlashning afzalliklari haqida so‘zlab berardi, chunki, uni so‘zlariga ko‘ra, “Elbek” mahallasida ming nafar ayol istiqomat qiladi, ularning aksariyati hozircha ish bilan band bo‘lmagan. – «Studiya esa mehnat bilan bandlikni ta’minlaydi va shaxsiy gilam ishlab chiqarishni boshlashga asosli imkoniyat beradi. Dastlab mahalla ayollarida shubha tug‘ildi, hammadayam o‘zlari uchun noma’lum bo‘lgan hunarni o‘zlashtirishga hohish bo‘lmagandi. Ammo qiyinchiliklar yengib o‘tildi va BMTTDning ko‘magida dastlabki 30 nafar ayol Studiyada maxsus kursda tahsil olishdi va tabiiy ipakdan gilamlarni ishlab chiqarish bo‘yicha “Samarqand-Buxoro ipak gilami”fabrikasida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tadilar. Yaqin yillarda biz mazkur hunarga o‘rganganlar sonini 300 nafarga yetkazish imkoniga ega bo‘lishimizga ishonaman». Xalq maqolida keltirilganidek, yaxshi niyat- yarim mol. Fabrika rahbariyati ham ishlab chiqarishni kengaytirish va ko‘plab to‘quvchilarni jalb qilishdan manfaatdor ekanligini izhor qildi.

F. Niyozov, «Samarkand-Buxoro ipak gilami» qo‘shma korxonasi direktori:

«Bugungi kunda biz o‘ziga xos bir necha premeralarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Birinchidan, bu- O‘zbekistondagi BMTTDning ko‘magida o‘tkazilgan to‘quvchilarni o‘qitish bo‘yicha birinchi kurs, u yerda meni o‘zim 30 nafar ayol uchun mashg‘ulotlar o‘tkazdim. Ikkinchidan, bugun biz Pastdarg‘om tumanida qo‘lda gilam to‘qish bo‘yicha hozircha yagona bo‘lgan studiyani ochdik va bitiruvchilarimizni ishga qabul qildik. Uchinchidan esa, BMTTDning taklifi bilan biz birinchi marotaba, ilgari o‘xshashi bo‘lmagan “Ipakdan qo‘lda gilam to‘qish bo‘yicha qo‘llanma”ni ishlab chiqdik va nashr qildik. Bunday nashr hech qayerda yo‘q, men ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman, mutaxassislar bilan muloqot qilganman va ishonch bilan aytishim mumkinki, biz birinchimiz. Mazkur qo‘llanmada sodda va aniq shaklda gilamlarni yaratish bosqichlari, ularni dizayni, tolalarni bo‘yash uslublari va tayyor mahsulotni saqlash usullari batafsil so‘zlab berilgan».

Studiyani rasmiy ochilish marosimi 30 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Taqdimot vaqtida ilk natijalarni – yorqin ranglari, murakkab naqshlari va yuqorida darajada to‘qilgani bilan ko‘zlarni quvontirgan, ayollar qo‘li bilan yaratilgan ipak gilamlarni ko‘rish mumkin bo‘ldi. Ular orasida kursni bitirganidan so‘ng to‘la qonli mehnat qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan Studiyaga qabul qilingan “Kanal yoqa” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Mukarram Ochilovaning mahsulotlari ham bor edi. U mazkur korxonani tashkil qilganlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi: «Men, kundalik uy yumushlari va tashvishlari bilan yurgan oddiy bir uy bekasiman va meni yoshimda yangi hunarni o‘rganishim va ishga joylashishim hayolimga ham kelmagan edi. Ipakdan gilam to‘qish bo‘yicha tahsil olishga o‘quvchilar qabul qilinayotganini eshitib, o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim. Endilikda mening mehnat daftarcham bor, demak, oila byudjetiga o‘z hissamni qo‘sha olaman va kelajak rejalarimni qura olaman». Aytgancha, o‘z faoliyatlarini boshida to‘quvchilar 500 ming so‘m atrofida qayd qilib qo‘yilgan maosh olishadi, kelajakda esa bu miqdorga sotilgan mahsulotdan foizlar ham qo‘shiladi.

Kelajakda atrof muhitni muhofaza qilish va mamlakat iqtisodiyotiga ko‘mak berishga yo‘naltirilgan harakatlar mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekistondagi BMTTDning tashabbusi qanday natijalarga olib kelishini esa vaqt ko‘rsatadi. Ammo hozirni o‘zidayoq dadil aytish mumkinki, tabiiy resurslarni boshqarishning mana shunday amaliyoti qishloq aholisiga ma’qul bo‘ldi va ular, masalani mahalliy darajada bo‘lsada, lekin shu vaqtni o‘zida global ahamiyatga molik bo‘lgan yechimini topish uchun yangi g‘oyalar va masalaga yondashuvlarga imkoniyatlarni ochib, katta xursandchilik bilan tajribalarini qo‘shnilarga o‘rtoqlashadilar.