Davlat xizmatiga tanlash jarayoni qanday bo‘lishi zarur?

Tue Sep 08 00:00:00 EDT 2015

O‘zbekiston Respublikasining yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hukumat organlariga xodimlarni yollash tartibini yanada takomillashtirish, shuningdek, ularning malakasini oshirish, kadrlar rezervini shakllantirish to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi muhokama qilinmoqda (https://my.gov.uz/uz/getPublicService/332?item_id=261&action=view).

Mazkur Qarorning loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning “Mahalliy boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash dasturi: 2-bosqich” qo‘shma loyihasi ko‘magida, O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi tanlov asosida qabul qilish va malaka oshirish qoidalarini tartibga soluvchi yagona tamoyil va qoidalarning o‘rnatilishi, shuningdek, joylarda davlat xizmatchilarini ishga yollashning butun jarayoni oshkoraligini ta’minlashga yordam beradi.

Qaror loyihasi quyidagi namunaviy Nizomlarni qabul qilishni ko‘zda tutadi:

  • davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hukumat organlariga ishchilarni tanlov asosida qabul qilish (yollash) tartibi to‘g‘risida;
  • kadrlar zaxirasini shakllantirish tartibi va davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hukumat organlarida ular bilan ishlash to‘g‘risida;
  • kadrlarga oid ishlar to‘g‘risida.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, davlat xizmatchilarini tanlov asosida qabul qilishni joriy qilish, ishga yollash jarayoni oshkoraligini oshirish va kadrlar zaxirasini shakllantirish, Ahloq kodeksi, hamda davlat xizmatchilari faoliyatini indikator asosida baholash tizimining mavjudligi davlat xizmatining samaradorligi va obro‘sini sezilarli darajada oshiradi.

Davlat xizmati tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish BMTTD loyihasining mamlakatda o‘tkazilayotgan davlat boshqaruvi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu sohada BMTTD loyihasi O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan O‘zbekistonda zamonaviy davlat xizmatini tashkil qilishning me’yoriy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikda faol harakat qilmoqda. Shuningdek u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda xalqaro va milliy tajriba asosida davlat boshqaruvi tizimida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali mexanizmlarini yaratish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Davlat boshqaruvi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash BMTTD faoliyatining muhim qismi hisoblanadi. Bugungi kunda BMTTD dunyoning 124 dan ortiq mamlakatida davlat va mahalliy boshqaruvni isloh qilishning turli jihatlarini qamrab olgan 500 ga yaqin loyihalarni amalga oshirmoqda.

O‘zbekistondagi BMTTD ham markaziy, ham mahalliy darajada davlat boshqaruvining samarali, oshkora va hisobdor tizimini yaratishga o‘zining katta hissasini qo‘shmoqda va buning barobarida u Hukumat, davlat boshqaruvi va hukumat organlari, shuningdek fuqarolik jamoatchiligi institutlariga malakaviy amaliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashib kelmoqda.