Zomin shifobaxsh o'tlarini tashqi bozorga chiqarish rejalashtirilmoqda

Wed Aug 05 00:00:00 EDT 2015

 

Zomin dam olish maskani butun O’zbekistonga mashxurdir. Ma'lumki, shu yerlarining asl boyligi u yerda o'sadigan va qadimdan tibbiyotda qo'llaniladigan, o'z tozaligi, tabiiyligi va shifobaxshligi bilan mutaxassislarning diqqatini o'ziga tortadigan dorivor giyohlardadir. Hudud ushbu o'simliklarni, jumladan, kiyiko'ti, dalachoyi, na'matak, zira, do'lana, suvqalampiri, zirk, oblepixa, anzur piyozi va boshqalarni yetkazib berish bo'yicha mamlakatimizda Parkent tumanidan keyin ikkinchi o'rinni egallamoqda.

Afsuski hududning o’zida ushbu shifobaxsh o’tlarga qayta ishlov berib tayyor maxsulot tarzida sotuvga yuborish uchun sharoitlar bo’lmagani sababli, terilgan giyohlar xom-ashyo tarzida poytaxtimiz korxonalariga yo’naltirilardi. Vaziyatning keskin o’zgarishi 2014 yildan boshlab Jizzax viloyatining Zomin tumani hududida BMTTDning Atrof Muhit va Energiya bo'limi tomonidan «O'zbekistonning tog'li, yarim cho'l va cho'l landshaftlaridagi sug'orilmaydigan qurg'oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish» loyihasining amalga oshirilishi bilan kutilmoqda.

Rejalarga ko'ra,  bu yerda Zomin Davlat O'rmon xo'jaligi bilan hamkorlikda tuman hududida o'stirilayotgan dorivor giyohlarni tayyor mahsulot holida iste'molchilarga yetkazib berilishni yo'lga qo'yish uchun maxsus sex tashkil qilinadi.Ya'ni shu yerning o'zida quritish, maydalash, yanchish, qadoqlash ishlari amalga oshirilib, iste'molga tayyor mahsulot ichki hamda tashqi bozorga yuborilishi ko'zda tutilgan.Uchrashuv doirasida xabar qilinganidek, shu maqsadda hozirgi paytda loyiha doirasida sex ta'minoti uchun eng zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilinib, jahon standartlariga javob bera oladigan ish jarayoni tashkillashtirilmoqda.

Kelajakda Zominning bioxilmaxilligini asrash maqsadida BMTTD loyihasi doirasida manzarali daraxtlarni o'stirib, sonini ko'paytirish,  hamda Zomin Davlat O'rmon xo'jaligi hududidagi yaylov o'simliklarini yo'qolib ketishini oldini olish uchun “Rustamnoma” fermer xujaligi va “Zomin chorvador” shirkat xo’jaligi hududlaridagi 15 ga yerida shu yaylov o'simliklarining urug'ini yetishtirishga ixtisoslashgan urug'chilik maydonlari, ya'ni pitomniklar tashkil qilingan. Mutaxassislar xabar berishicha, o'tgan yili ekilgan urug'lardan unib chiqqan o'simliklarning o'sishi kutilgan me'yorlardan ancha yuqori natijalar bermoqda.

Loyihaning yana bir yo'nalishiga binoan, Zomin Davlat O'rmon xo'jaligi hududida qir, tog' yon bag'rilarida sel, kuchki, o’pirilish yuzaga kelishi havfi bor hududlarda terrasa usulida yoki o'sha yerning o'zidayoq aytib o'tilgan holatlarning oldini olishga qaratilgan manzarali yoki mevali daraxtlarni ekib, kichik bog'larni tashkil etish ko'zda tutilgan. Hozirgi paytda aytib o'tilgan yo'nalishlar bo'yicha belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.