“bir darcha” markazlari O‘zbekiston tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi deyishimiz mumkinmi?

Mon Jul 27 00:00:00 EDT 2015

 

Elektron hujjat almashinuvi tizimining dolzarbligi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (https://my.gov.uz/) keltirilgan statistik raqamlardan ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Bugungi kunda 250000 dan ortiq arizalardan 140000 dan ortig‘i (55%) tadbirkorlar tomonidan yuborilgan. Ushbu statistika davlat xizmatlarini ko‘rsatish kanallarini (yo‘llarini) diversifikatsiya qilish zarurligini ko‘rsatadi desak bo‘ladimi? Albatta. Unda har bir insonni internetga ulanish imkoniyati bilan ta’minlash, onlayn tizimlari va koll-markazlariga bo‘lgan ishonchsizlikni bartaraf etish bilan bog‘liq muammolarni qanday yechish mumkin?

O‘zbekistonda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini “bir darcha” tamoyiliga asoslangan yagona markazlar orqali yetkazib berish yuqoridagi muammolarning har taraflama yechimi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur yechimning samaradorligini xalqaro tajribalarda ham ko‘rish mumkin. Davlat xizmatlarini ushbu tamoyil asosida ko‘rsatish g‘oyasi o‘tgan asrning boshida AQShda paydo bo‘lib, u “bir darcha”, yoki “one-stop-shop” degan nom oldi (ya’ni bir joyning o‘zida barcha kerakli bo‘lgan mahsulotlarni sotib olish imkoniyati mavjud do‘kon). Dastlab bu bir qator xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatish modeli sifatida yaratilgan. Bunday markazlar 90 yillardan boshlab keng tarqalib, bugungi kunda Avstraliya, Germaniya, Kanada, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritboqda. Darvoqe, “one-stop-shop” degan nom xozirda veb-saytlar, teledasturlar va ko‘plab boshqa loyihalarga ham berish amaliyoti keng tarqalgan bo‘lib, bir joyning o‘zida bir qator xizmatlarni ko‘rsatish g‘oyasini o‘zida mujassamlashtiradi.

O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha “bir darcha” markazlari BMTTD yordamida 2009 yilda Toshkent shahrining Sergeli tumanida tashkil etilgan bo‘lib, u turli davlat idoralarning vakillari bir joyning o‘zida mavjud bo‘lishini ta’minlash tamoyili asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Shunga o‘xshash markazlar Namangan va Jizzax shahrilarida ham ta’sis etilgan edi. Bunday markazlarga murojaat etuvchi turli ijtimoiy masalalar yuzasidan kerakli maslahat va yechimlarni olishi mumkin bo‘lgan. 

Shuningdek, O‘zbekistonda “bir darcha” markazlarining rivojlanishi misoli sifatida Andijon, Guliston, Farg‘ona va To‘rtko‘l tumanida amalga oshirilgan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi qoshida “Biznesga yordam berish markazlarini” tashkil etish bo‘yicha tajribaviy loyihalarni keltirish mumkin. Mazkur tashabbus Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes forumi” nomli loyihasi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, u zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga tadbiq etish, veb-texnologiyalar, elektron reyestrlar, onlayn to‘lov tizimlari va turli ma’lumot portallarini yaratish va ulardan foydalanish kabi bir qator masalalarni o‘zi ichiga qamrab olgan (businessinfo.uz).

Tadbirkorlarga “bir darcha” tamoyiliga asoslangan davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari davlat boshqaruvi tizimi, elektron hukumat tizimini yanada takomillashtirish sohasidagina emas balki tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash sohasida ham sifatli davlat xizmatlarini mutlaqo yangi bir bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi aniq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining UP-4725 raqamli «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlash, ularning jadal rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mazkur markazlar 2016 yilning yanvar oyidanoq ishga tushishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda oldingi tajribadan kelib chiqqan holda, keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston biznes forumi” loyihasi va bir qator boshqa idoralar tomonidan “bir darcha” markazlarini yaratish va ularning samarali faoliyat yuritishiga imkon yaratuvchi huquqiy-me’yoriy bazasini ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.

Rejaga ko‘ra mazkur markazlar hozirda mavjud bo‘lgan shahar, tuman hokimliklari qoshidagi 193 ta tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha inspeksiyalar asosida yaratiladi. Ushbu inspeksiyalar dastlab hukumat qaroriga binoan tashkil etilgan.

Bu inspeksiyalarda butun respublika bo‘ylab tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, ularga aniq vazifa va majburiyatlar berilishi ko‘zda tutilgan. Ular uchun elektron ma’lumot tizimi asosida boshqa davlat idoralari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha aniq mexanizm ham ishlab chiqiladi. Mazkur markazlar barqaror ravishda ishlashini ta'minlash maqsadida tegishli moliyalashtirish chora-tadbirlari ham ishlab chiqilishi rejaga kiritilgan.

Tadbirkolrar uchun “bir darcha” markazlarining ish tartibi nihoyatda sodda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Markazlarda elektron navbat tizimi joriy etilib, tegishli arizalar markazning mas’ul xodimi – operatori - tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibini belgilab beradi. Operator mijozni qabul qilib, lozim bo‘lsa tegishli hujjatlarni to‘ldirishga yordam beradi va uning arizasini ro‘yxatga qo‘yadi. Keyingi bosqichda ariza avtomatik ravishda tegishli davlat idorasi, muassasasiga yo‘naltiradi. Arizaga javob ham shu markazning o‘zida taqdim etilib, arizachi kerakli davlat idorasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi ehtiyoji qolmaydi.

Shuningdek, arizachi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) orqali ham murojaat etish imkoniyatiga ega. Onlayn ariza avtomatik ravishda tegishli davlat muassasasiga yo‘naltiriladi. Mazkur murojjat etish usulini qo‘llashda arizachi bu portaldan foydalanish tartibini bilishi, yoki undan foydalanish haqida ma’lumot beruvchi maxsus koll-markazga qo‘ng‘iroq qilishi lozim bo‘ladi.

Tadbirkorlarga buning foydasi nimada?

Birinchidan, tadbirkor hech qayerga bormasdan, atigi telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib, onlayn ariza orqali, yoki shaxsan markazga kelgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, tegishli mutaxassisning maslahatini olish imkoniga ega. Markazda tadbirkorlar kerakli ma’lumot, maslahat olishi va ma’lumotnoma, guvohnoma, ruxsatnoma kabi hujjatlarni olishga, mulkka egalik qilish huquqlarini ro‘yxatga olishga, tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazishga ariza berish, soliq, moliyaviy, statistik va boshqa turdagi hisobotlarni topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, bir qator davlat xizmatlari faqatgina “bir darcha” markazlari orqali ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Bunda maxsus davlat xizmatlari ro‘yxatida belgilanga xizmatlarni ko‘rsatishda, tegishli arizalarni ko‘rib chiqishda davlat idoralari mujozlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishini taqiqlash taklif etilgan.

Uchinchidan, davlat xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonining yo‘qligi korrupsiya holatlari va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi.

To‘rtinchidan, indoralar aro elektron muloqot qilish tizimi yordamida davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasalarning ishi ancha yengillashib, xizmatlarni ko‘rsatish muddatlarini sezilarli ravishda qisqartirishga erishiladi.

Jahon bankining “Doing Business” reytingida O‘zbekiston hozirda 141 o‘rinni egallaydi. Tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “bir darcha” markazlarining joriy etilishi esa mamlakatda biznes uchun qulay imkoniyatlarni yaratish yo‘lida haqiqiy “oynalarning” ochilishiga yordam berishi muqarrar.