Nogironlarning jamoat transportidan foydalana olish imkoniyati bo‘yicha monitoring tadqiqot natijalari

Wed Jun 17 00:00:00 EDT 2015

2015 yil 10 iyun kuni o‘tkazilgan davra suhbatida Toshkent shahrida nogironlarning transport xizmatlaridan foydalana olish huquqiga bag‘ishlangan monitoring tadqiqotning yakunlari muhokama qilindi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, O‘zbekiston nodavlat va notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi va BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan edi.


Nogironlarning transport xizmatlaridan foydalana olish huquqini monitoring qilishdan asosiy maqsad - nogiron insonlar va harakati cheklangan boshqa guruhlar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish muammosini har tomonlama hal qilish uchun turli darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining e’tiborini jalb qilish va bu sohada vaziyatni yaxshilash uchun chora-tadbirlarni taklif etishdan iborat edi. 2014 yilda Toshkent shahrida 46 617 nogiron shaxs qayd qilingan. Toshkent shahri bo‘ylab olib borilgan monitoring tadqiqoti shuni ko‘rsatdi-ki, 2014 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra Toshkent shahrida 454 svetofor vositalari mavjud ekan. Ulardan birontasi ham ovoz chiqaruvchi vositalar bilan jihozlanmagan (ko‘rish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun). Bundan tashqari, monitoring davomida so‘rovnomada ishtirok etgan nogironlarning 74,7% bekat maydonlarini nogironlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradigan infratuzilma ob’ektlari sifatida baholashini bildirdi. Bekatlar qurilishida standartlarga rioya qilinmaganligi, bekatlarda maxsus texnik moslashuv vositalarining, yo‘l ko‘rsatuvchi taktil belgilarning yo‘qligi aniqlandi. 
Monitoring tadqiqoti natijasida aniqlangan asosiy muammolar quyidagicha: 


• O‘zbekiston Respublikasi “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun normalari bajarilmasdan qoldi, ya’ni qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshmadi. Jumladan, nogironlarning transport vositalaridan va kommunikatsiyalaridan foydalanish jarayonidagi ehtiyojiga doir normalar o‘zining batafsil va aniq ifodasini huquqiy hujjatlarda topmagan. Nogironlarning transport vositalaridan foydalana olish huquqi “Shahar yo‘lovchilar transporti” to‘g‘risidagi qonunda, Yo‘lovchilar uchun avtovokzal, avtostansiyalar to‘g‘risidagi Nizomlarda va boshqa huquqiy hujjatlarda to‘liq mustahkamlanib qo‘yilmagan;


• ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini tekshirish, nazorat qilish va standartlashtirish mexanizmlari ko‘zda tutilmagan. Ayni paytda, Toshkentda nogironlarning jamiyatga integratsiya qilishi uchun to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha tizim ishlab chiqilmagan, tashkiliy-uslubiy va informatsion qo‘llab-quvvatlash ta’minlanmagan; 


• nogironlik uchun maxsus moslashuvning yo‘qligi. Jumladan, aksariyat transport infratuzilma ob’ektlarida, davlat boshqaruv organlarining binolarida nogironlar va imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulaylik yaratidigan maxsus moslashuv vositalari, liftlar, panduslar o‘rnatilmagan, bu esa o‘z navbatida ularning sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat, sport sohalaridagi o‘z huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi; 


• moslashtirilgan umumiy foydalanish uchun mo‘ljallangan trasport vositalarning yo‘qligi, avtobus va boshqa trasport vositalarida yugurib turuvchi qatorlar, ovoz mayoqlari va boshqa yordam beruvchi vositalarning yo‘qligi, bu esa nogironlar aravachasidan foydalanuvchi insonlar, ko‘rish va eshitish imkoniyati cheklangan insonlar va boshqa harakati cheklangan insonlarning erkin harakat qilishiga to‘sqinlik qiladi;


• nogironlar uchun o‘z huquqlarini amalga oshirishda uchraydigan jiddiy to‘sqinliklardan biri bu – piyodagilar uchun trotuarlarda, transport kommunikatsiyalari- panduslar, liftlar va boshqa vositalar orqali o‘tish joylarida tegishli sharoitlarning yo‘qligi, bu esa nogironlarning faol va mustaqil hayot kechirishi uchun to‘sqinlik tug‘diradi. Bunga qurilish talablari va qoidalariga javob bermaydigan zinalarning borligi, brayl yozuvidagi, katta va yorqin ko‘rsatkich belgilarning yo‘qligi, panduslarning ba’zi holatlardagina o‘rnatilishi to‘sqinlik qiladi. 
BMTning Doimiy koordinatori va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili janob Stefan Prisner o‘zining kirish so‘zida «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya»ning 9-moddasida ko‘zda tutilgan transport xizmatlaridan foydalanish huquqini boshqa ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy huquqlarni amalga oshirish uchun imkoniyalarni yaratib beradigan bir “omil” deb hisoblash mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. 


Davra suhbati davomida ishtirokchilar monitoring tadqiqoti xulosalarini qo‘llab-quvvatladilar hamda nogironlarning transport vositalaridan foydalana olish imkoniyatini oshirish uchun zarur bo‘ladigan bir qator choralarni taklif qildilar:


• to‘siqsiz muhit to‘g‘risidagi Vazirlar Maxkamasi qarorining loiyhasini ishlab chiqish; 


• Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Ombudsman, NNT Milliy assotsiatsiyasining saytlarida monitoring tadqiqoti natijalarini chop etish; 


• Nogironlar uchun qulay muhitni yaratish bo‘yicha vaziyatni kuzatib borish maqsadida Internet foydalanuvchilari tomonidan suratlarni joylashtirish uchun sayt yaratish, bu jamoatchilik nazoratining haqiqiy misoli bo‘lar edi; 


• “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun normalarini monitoring qilish maqsadida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashini tuzish.


Monitoring tadqiqoti natijalarini muhokama qilishda Senat va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Nogironlarni reabilitasiya qilish va protezlash milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti, "Toshshahartransxizmat” aksionerlik kompaniyasi, nogironlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notirojat tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.


2009 yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya»ni imzolagan edi, 2014 yilning noyabr oyida esa BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va Shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish bo‘yicha Milliy tadbirlar dasturini qabul qildi. Yuqorida qayd qilingan Konvensiyani ratifikatsiya qilish davlat tomonidan qabul qilingan tavsiyalardan biri edi.