Ekolog mutaxassislarining salohiyatini oshirish yo’lida

Thu Apr 30 00:00:00 EDT 2015

2015 yilning 28, 30-aprel kunlari Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi, BMTTD, Global ekologik jamg’armasining hamkorlikdagi “O’zbekiston neft va gaz tarmog’iga bioxilma-xillikni saqlash tamoyillarini integratsiyalash” loyihasi tomonidan qo’mitaning xodimlari, “O’zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi hamda neft va gaz kompaniyalari ekolog mutaxassislari ishtirokidagi biologik xilma-xillikni saqlash masalalariga bag’ishlangan seminar-treninglar tashkil qilindi.

Loyiha 2010 yildan boshlab amalga oshirilib, respublikada faoliyat ko’rsatayotgan neft va gaz kompaniyalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o’rnatishga muvaffaq bo’ldi va hamkorlikni rivojlanish yo’li bilan tarmoqning bioxilma-xillikka ko’rsatilayotgan salbiy ta’sirini kamaytirishni ko’zlaydi. Loyihaning ko’rgazma maydoni sifatida neft va gaz tarmog’ining rivojlanishi sharoitida tobora oshib borayotgan salbiy ta’sirga uchrayotgan, o’z noyob biologic rang-barangligi bilan ajralib turadigan Ustyurt platosi belgilandi. O’tgan davr ichida loyiha milliy qonunchilikka Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlarida, shuningdek Avstraliya va boshqa dunyo mamlakatlarida muvaffaqiyat bilan ko’llanilayotgan bioxilma-xillikni saqlashning ilg’or tamoyillarini joriy qilishga qaratilgan muayyan ishlar amalgam oshirdi. Hamkor neft va gaz kompaniyalari bilan birgalikda buzilgan hududdagi o’simlik qoplamini qayta tiklash bo’yicha ishlar bajarilmoqda.

Ma’lumki, hozirgi kunda barcha sohalar qatori tabiatdan foydalanish sohasida ham davlat siyosatini belgilovchi ustuvorliklardan biri – bu barqaror rivojlanish. Biologik xilma-xillikni saqlash barqaror rivojlanishning negizi hamda asosiy omili bo’lib kelmoqda, u ta’minlanganida barcha jonli organizmlar genofondi va ularning yashash qobiliyati saqlanadi, hayotning barcha shakllarining populyatsiyalari son jihatdan yetarli darajada saqlanishi ta’minlanadi. Boshqa so’z bilan aytganda, insoniyatning barqaror rivojlanishi uchun bioxilma-xillik va ekologik tizimlar ahamiyati beqiyos. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning jadal sur’atlarini hisobga olgan holda, bioxilma-xillikka ko’rsatiladigan salbiy  ta’sirni yumshatishning 4 ta tamoyili, ya’ni “oldini olish – minimal darajaga pasaytirish – qayta tiklash – yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya”, barcha rivojlanish loyihalari amalga oshirilishida albatta qo’llanishi lozim.

Bioxilma-xillikni saqlash tamoyillarining joriy qilinishida davlat ekologik ekspertiza boshqarmasi mutaxassislari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi bioxilma-xillik bo’yicha nozirlari hamda neft va gaz kompaniyalari ekolog mutaxassislarining salohiyatini oshirishga yo’naltirilgan loyiha faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. O’tkazilayotgan seminar-treninglarda 2014 yilning noyabr oyida Toshkent va Nukus shaharlarida tashkil qilingan o’quv tadbirlarining mavzusi davom ettirilib, taqdim qilingan o’quv materiallariga ishtirokchilar tomonidan ijobiy baho berildi.

Toshkentdagi seminar-treninglar doirasida loyiha maslahatchilari atrof-muhitga ta’sirni baholashning barcha bosqichlarida bioxilma-xillikka ko’rsatilayotgan salbiy ta’sirni yumshatish bo’yicha tadbirlar to’g’risidagi ma’lumot taqdim etar ekanlar, monitoring maydonchalarida bioxilma-xillik monitoringini olib borilishini atroflicha tushuntirib berdilar.

Taqdimotlarda bioxilma-xillik yo’qotishlarini hisoblash usullarini qo’llash to’g’risidagi ma’lumotlar hamda dunyo mamlakatlarida tatbiq etilayotgan qoplash sxemalaridan aniq misollar keltirildi. Seminar-treninglar ishtirokchilari kichik guruhlarga bo’linib, bioxilma-xillikka keltiriladigan zararni hisoblashni aniq misollarda o’rganib, yangi bilimlarni mustahkamlashdi. Ta’kidlash kerakki, treninglarda taqdim etilgan materiallar loyiha maslahatchilari tomonidan tayyorlangan “Neft va gaz tarmog’ining rivojlanishida hamda hududlarning sanoat, qishloq xo’jaligi uchun va boshqa maqsadlarda o’zlashtirilishida bioxilma-xillikni saqlash” o’quv materiallari asosida ishlab chiqildi.