Sud tizimi oshkoraligini ta`minlashda AQSh tajribasi o`rganib chiqilmoqda

Mon Mar 16 00:00:00 EDT 2015

 

15-22 mart davomida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy sud huzuridagi tadqiqot markazi, Adliya vazirligi va Oliy xo`jalik sudining to`qqiz nafar vakili sud-huquq tizimi oshkoraligini va sudlar ochiqligini ta`minlashda AQSh tajribasini o'rganish maqsadida Amerika Qo'shma Shtatlarida bo’lib o’tadigan o`quv safarida ishtirok etishadi. Mazkur tashrif BMTTD va O`zbekiston Respublikasi Oliy Sudining "O'zbekistonda qonun ustuvorligi yo`lida hamkorlik” qo'shma loyihasi doirasida tashkil etiladi. Ushbu loyiha AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan hamkorlikda moliyalashtirilgan.

O`quv tashrif ishtirokchilari sud-huquq tizimining oshkoraligi va samaradorligini ta'minlash borasida AQSh tajribasini to`g`rida-to`g`ri o'rganib chiqish imkoniga ega bo'lishadi. Tashrif doirasida AQSh Oliy sudi, Adliya departamenti, Federal sud markazining vakillari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Ishtirokchilar, Kolumbia va Virginia federal hamda shtat sudlariga tashriflari davomida, AQSh sudlarida ish yuritishning ochiqlik mexanizmlarini o’rganish imkoniyatiga ham ega bo`lishadi.

O`quv tashrifining markaziy tadbiri, ya’ni “O`zbekistonda odil sudlovni amalga oshirish va sudlarda ish yuritish samaradorligini ta`minlashning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro seminar, o`z ishtirokchilari qatoriga AQSh sudyalari, Adliya departamenti vakillari, hamda AQSh sud-xuquq sohasi mutaxassislarini jalb etadi. Ushbu seminar Jons Xopkins Universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo, Kavkaz va Buyuk Ipak Yo’li tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkillashtiriladi. Seminar davomida qatnashchilar O'zbekiston sud-xuquq tizimidagi islohotlarni va sudlarning ochiqligini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining asosiy yo'nalishlarini, shuningdek, mazkur sohada AQSh tajribasini o`rganib chiqish imkoniyatiga ega bo`lishadi. Bundan tashqari, seminar doirasida ishtirokchilar sud-xuquq sohasida AQSh va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikni ham muhokama qilishadi.

O`quv tashrifi doirasida, sudyalar, sud-xuquq tizimi mutaxassislari va keng omma ishtirokida davra suhbati tashkil etilishi ko`zda tutilmoqda. Mazkur davra suhbati davomida o`quv tashrifi ishtorikchilari O`zbekiston sud tizimining oshkoraligini va sudlar ochiqligini, hamda “Yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari to`g`risida”gi va “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi qonunlarning samaradorli amalga oshirilishini ta`minlashga qaratilgan aniq tavsiyalar va takliflarni taqdim etishadi. Ta`kidlash joizki, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi- 2010 yilda bo’lib o’tgan Parlament ikkala palatasining qo`shma majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish milliy konsepsiyasining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi.