BMTTD O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining eksportini oshirishga ko‘maklashadi

Fri Feb 27 00:00:00 EST 2015

 

O‘zbekiston tadbirkorlarining Moskvada bo‘lib o‘tgan “Tekstillegprom”44 Federal ulgurji savdo ko‘rgazmasida ishtirok etishlari natijasida to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 13 mln. AQSh dollar miqdoridagi kelishuvlarni belgilanishi, biznes hamkorlar sonining ko‘payishiga erishildi. Shuningdek, bozor tendentsiyalari va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish haqida bilimlarga ega bo‘lindi.

Joriy yilda O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari BMTTDning “Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi yordamida “O‘zmarkazimpeks” Davlat aktsiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi, “Namangan Momiq Sochiqlari”, “Muruvvat tekstil”, “Bek Mega Textile”, “Mega Alliance Textile” kompaniyalari tomonidan taqdim etildi. Shuningdek, “JV Uztex Chirchik”, “Takro”, “Umka”, “Daka-Tex” korxonalari o‘z mahsulotlarini alohida ekspozitsiyalar sifatida namoyish etdilar.

Ko‘rgazmada taqdim etilgan momiq sochiq, trikotaj polotno, ip gazlamalar kabi eksponatlar tabiiy, ekologik toza to‘qimachilik mahsulotlaridan foydalanish g‘oyasini olg‘a surishga yordam beradi. Mahsulotlarning aynan shu jihati va yuqori sifatiga qatnashchilar va mehmonlar tomonidan yuqori baho berildi.

- Biz “Tekstillegprom” ko‘rgazmasida ilk bor qatnashdik. Bizning ishtirokimiz nafaqat o‘z mahsulotlarimizni taqdim etishimizga, balki ishlab chiqarishdagi tendentsiyalarni tahlil qilib, mahsulotga bo‘lgan talabni o‘rganishimiz va qimmatli tajribaga ega bo‘lish imkoniyatini berdi, - dedi o‘z mahsulotlarini “Art Soft Tex” brendi ostida taqdim etayotgan “Namangan Momiq Sochiqlari” kompaniyasining savdo rahbari Laura Pulatova. – Olgan bilimlarim menga ishlab chiqarish jarayonini bozor talablarga ko‘ra rivojlantirish va sohadoshlarimga o‘z tajribamni o‘rgatishga yordam beradi.

Shuningdek, Laura Pulatova ko‘rgazma kunlari “Moliyaviy krizis sharoitida to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalariga davlat madadi” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada savdo ko‘rsatkichlarining pasayishini oldini oluvchi marketing vositalari haqida kerakli ma’lumotlarni olganini ham ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, “Tekstillegprom” ko‘rgazmasi ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar orasida yetakchi deb baholandi. Bir necha salonlarda xomaki mahsulotlar hamda tayyor to‘qimachilik va yengil sanoatning hilma hil buyumlari, ularni ishlab chiqarishda foydalanilanish mumkin bo‘lgan jihozlar taqdim etildi.

42 mamlakatdan 2500dan ortiq ishtirokchi, shungdek ko‘rgazmaga tashrif buyurgan 37000dan ziyod mehmonlarning ishtiroki samarali tarzda tashkil etildi.

Ko‘rgazmada mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini ta’minlash orqali ularning eksport salohiyati va raqobatbardoshligini oshirish BMTTDning “Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish (III bosqich)” loyihasining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Loyiha ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kam ta’minlangan, ayniqsa qishloq joylardagi aholining farovonligini oshirishga qaratilgan savdo rivojlanishiga ko‘maklashadi.

***

BMTTDning “Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish (III bosqich)” loyihasi “Keng Yevropa: Markaziy Osiyoda savdo rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” deb nomlangan mintaqaviy loyihaning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan komponenti bo‘lib, u mamlakatlarda aholining farovonligini oshirish maqsadida savdo-sotiqni rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan. Loyihaning maqsadi davlat organlarining xalqaro va mintaqaviy savdoni rivojlantirish sohasidagi salohiyatini yanada oshirish, savdoga ko‘maklashuvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining savdo va ishlab chiqarish borasidagi  ko’nikmalarini yaxshilash va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or usullarni amaliyotga tadbiq qilish orqali aholi daromadlarini oshirish va yangi ish joylarini yaratishga Hukumatga yordam berishdan iborat.