YaITning O‘zbekiston bandlikka va korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga ta’siri

Wed Feb 18 00:00:00 EST 2015

Joriy tendensiyalar shuni ko‘rsatmoqdaki, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning pensiya tizimlari “pensiya inqirozi” atalmish yuqori bosim ostida qolmoqda. Aksariyat hollarda pensiya inqirozining ildizi ijtimoiy ta’minot tizimi tuzilmasi va demografik o‘zgarishlarga borib taqaladi. Xususan, pensiya inqirozini paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladigan asosiy omillar tug‘ilish darajasining pasayishi va keksalar umr ko‘rishi davomiyligini oshishi hisoblanadi. Natijada, ijtimoiy ta’minot tizimini qo‘llab-quvvatlovchi ishchilar soni sekin-asta kamayib borishi barobarida pensiya tizimiga bo‘lgan yuk tobora ortib boradi.

Mazkur tahliliy hisobotning asosiy maqsadi yagona ijtimoiy to‘lov (YaIT) stavkasining O‘zbekiston Respublikasidagi bandlikka va korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga ta’sirini o‘rganishdan iborat. Tadqiqot davomida olingan empirik natijalarga ko‘ra, YaIT stavkasining oshishi rasmiy bandlikning pasayishiga him, korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yomonlashuviga ham olib kelmoqda.


YaITning Pensiya jamg‘armasi daromadlarining asosiy manbai bo‘lib xizmat qilishini hisobga olsak, rasmiy bandlik ko‘rsatkichining pasayishi bilan chambarchas tarzda, korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yoki potensial ish beruvchilarning kamayishi tushumlarning barqarorligiga putur yetkazadi hamda pirovardida O‘zbekiston Respublikasi Pensiya tizimining to‘lov qobiliyati yo‘qolishiga taqalishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Pensiya tizimi pensiya yoshidagi kishilarning kun kechirishi uchun zarur bo‘lgan narsalarning eng oz darajasini ta’minlashda qiyinchilikka uchraydigan, o‘tish davrini boshidan kechirayotgan mamlakatlarning pensiya tizimlariga o‘xshashdir. Tizim ikki tarkibiy qismdan iborat: birinchi tarkibiy qism – bu O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi moliyalashtiradigan tayanch daraja va ikkinchi tarkibiy qism – 2005 yilda amalga kiritilgan yig‘ilib boradigan tizim.


Pensiya jamg‘armasi daromadlari tuzilmasi va aholining noramiy sektorda ishga joylashishini hisobga olgan holda, yaqin yillarda ijtimoiy to‘lovlarni ta’minlash bo‘yicha Pensiya jamg‘armasiga katta qiyinchilik tug‘ilishi kutilmoqda. Tahlilning ko‘rsatishicha, yaqin kelajakda O‘zbekistonda pensiya yoshidagi aholining o‘sishi kutilmoqda. Umuman olganda, O‘zbekiston pensiya tizimi beqarorligining o‘sishi quyidagi tendensiyalarning oqibati hisoblanadi:


• Aholining keksayishi, xususan, tug‘ilish sur’atining pasayishi va pensiya yoshidagi kishilarning hayoti davomiyligining oshishi;


• Pensiya ta’minotida Pensiya jamg‘armasi daromadlarini shakllantirishda ishtirok etmaydigan fuqarolarning ko‘pligi.


Bunday tendensiyalarning saqlanib qolishi va aholining demografik kutilmalarini hisobga oladigan bo‘lsak, yaqin yillarda aholining o‘z vaqtidagi va to‘laqonli pensiya ta’minotida muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik uchun pensiya jamg‘armasiga yetarli darajadagi daromadlar talab etiladi, bu esa, fikrimizcha, daromadning asosiy manbalarini batafsil o‘rganish va ularning stavkalarini o‘zgartirishga e’tibor qaratishimiz zaruriyatini keltirib chiqaradi.


YaIT stavkasini oshirish qisqa muddat uchun Pensiya jamg‘armasiga bo‘ladigan tushumlarning oshishiga sabab bo‘lishi mumkin, biroq bu uzoq muddatda bandlikning qisqarishi va korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari pasayishiga olib kelishi muqarrar. YaIT stavkasining oshishi nafaqat pensiya jamg‘armalari tushumining kamayishiga, balki jismoniy shaxslar daromad solig‘idan davlat byudjeti daromadlarining pasayishiga ham olib keladi.


Tadqiqotlarning natijalari shuni ko‘rsatadiki, YaIT stavkasining oshishi, boshqa shart-sharoitlar o‘zgarmagan vaziyatda, doimiy asosda yollanib ishlovchi ishchilarning sonini keskin kamaytirib yuboradi. YaIT stavkasining soha kesimidagi korxonalarning xodimlari soniga bo‘lgan ta’siri tahlil qilinganda, YaIT stavkasining o‘zgarishi ham davlat, ham xususiy sektordagi soliq yukining sezilarli darajada ortishini ko‘rish mumkin. Biroq, YaIT stavkasidagi o‘zgarishlarning ta’siri, xususiy sektordan ko‘ra davlat sektori uchun kattaroqdir.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda, YaITni isloh qilish va Pensiya jamg‘armasi xarajatlarini kamaytirish borasida bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi. Ular quyidagilardir:


1. Pensiya hisoblashning adolatliroq tartibi. Bu pensiya jamg‘armasi xarajatlarini pasaytirish uchun zarur hisoblanadi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, pensiya hisoblashning bunday tizimi katta oylik oluvchi xodimlar orasidagi rag‘batini keskin kamaytiradi. Shu sababli, fuqarolarning badallariga muvofiq tarzda pensiya to‘lovlari belgilanadigan tizimni joriy qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.


2. Korxonaning joylashgan hududi va/yoki mahsulot aylanmasidan kelib chiqqan holda YaIT stavkalarining differensiyallashuvi:


• Kam ta’minlangan va iqtisodiy beqaror bo‘lgan hududlardagi korxonalarda uchun YaIT stavkasini qisqartirish hududiy kesimda rasmiy bandlikning oshishiga olib kelishi mumkin;


• Mehnat qilishga bo‘lgan talab o‘zgarishi mutlaqo aniqlashtirish uchun ba’zi hududlarda YaITni qisman yoki butunlay bekor qilish;


• Mahsulot aylanmasi asosida kamaytirilgan stavkada YaIT to‘layotgan korxonaning ortiqcha mahsulot aylanmasi uchun regressiv YaIT stavkasini joriy qilish. Mazkur chora yuksak mehnat unumdorligining oshishi hisobiga korxonaning mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi (MHTJ) ko‘payishiga sabab bo‘ladi.


3. Barcha korxonalar uchun YaIT stavkasini umumiy tarzda pasaytirish, bu o‘z navbatida, rasmiy sektordagi ish o‘rinlarining ortishiga sabab bo‘ladi;

Mazkur tahliliy hisobot BMTTDning “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash/2 bosqich” loyihasi tomonidan, Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda tayyorlangan.