Chiqindilarni qayta ishlash jamiyat uchun foydali ishdir

2014 Iyul 18

imageUNDP Uzbekistan

O‘tgan haftaning juma kunida Toshkentdagi “Gulshan” sog‘lomlashtirish bog‘ida shahardorshlarimiz, shu jumladan nogironlar va ijtimoiy innovatsiyalar sohasida faoliyat yurituvchi ko‘ngillilar, 3 kun ichida o‘z qo‘llari bilan yasagan uy-ro‘zg‘or buyumlarini taqdim etdilar. Xususan, taqdimotda IKEA mahsulotiga roqiblik qilishga arzidigan modern usulidagi mebel komplekti, shinamgina kreslo va kushetka, jurnal stolchasi, chiroqchalar, gilamlar, gultuvak ushlagichlari, bir qator san’at asarlari, issiq va sovuq suvli dush tizimi, suv raketasi va quyoshda panalaydigan soyabon kabi buyumlar namoyish etildi.

Ushbu buyumlar BMTTD va BMTning Ko‘ngillilar tashkiloti “O‘zbekistonda ijtimoiy innovatsiyalar va ko‘ngillilik” loyihasi doirasida 9 iyuldan 11 iyulgacha bo‘lib o‘tgan uch kunlik “Chiqindilar laboratoriyasi” deb nomlangan Ijtimoiy innovatsiyalar laboratoriyasi davomida yaratildi. Bu buyumlarning o‘ziga xosligi ular uch kun ichida yaratilganligidan tashqari, ular chiqindilar, ya’ni biz o‘zimizga kerak bo‘lmay qolganligi uchun tashlab yuborgan narsalar, buyumlardan yasalganligidir.

Toshkent yashovchisi Nadejda Chuprina ham mazkur tadbirda ishtirok etdi. Ijtimoiy innovatsiyalar (ijtimoiy muammolarning noan’anaviy, yangi yechimlarini topish) haqida batafsil ma’lumot olib hamda chiqindilarni qayta ishlashning ahamiyatini yaxshi tushunib, u o‘z o‘g‘li bilan bir jamoaga qo‘shildi va ikkita pufik, stol, plastik paket va plastik shishalardan xaltacha va gilamchalar yasab chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

- Odamlar nihoyatda katta hajmda chiqindi hosil qilishadi. Biz esa bunday chiqindilardan har kunlik hayotimizda bizga ro‘zg‘orda asq-atadigan turli buyumlar yasashimiz mumkin. Bizga kerak bo‘lmagan narsalarni tashlab yuborishdan ko‘ra, biz bunday narsalarni qayta ishlatishimiz mumkin, - dedi Nadejda.

- Men bu tadbir to‘g‘risida nogiron farzandlari bor ota-onalarga yordam berish guruhida ishlab yurganimda eshitgan edim. Tadbir haqidagi e’lonni eshitgam zahotiyoq o‘g‘lim bilan unda ishtirok etishga qaror qildik. Bu tadbirda o‘g‘il va qizlari nogiron bo‘lgan o‘n nafar ota-ona ham ishtirok etdi. Bunday tadbirlar ularga o‘z tajribasini boshqa ota-onalar bilan baham ko‘rish, o‘zlari duch kelayotgan muammolar haqida gapirib berish va o‘z vaqtini quvnoq va qiziqarli tarzda o‘tgazishga imkon yaratadi. Mazkur tadbirning foydasi aynan shunda.

Tadbir tashkilotchilaridan biri “Umidvorlik” nodavlat-notijorat tashkiloti Toshkent shahrida nogironlar oilalari bilan ishlaydi. Mazkur tadbir jamiyatda sabir-toqatlilik va ijtimoiy jipslashuv, integratsiyaga o‘z hissasini qo‘shdi.

- «Chiqindilar laboratoriyasi” insonlarga yanada faolroq bo‘lishga, o‘zlari uchun yangi narsalarni kashf etish va boshqa insonlar bilan birlashib, umumiy maqsadga qaratilgan ishning ishtirokchisi bo‘lishga imkon beradi, - deb ta’kidladi NNT rahbari Marina teperina, - Bu tadbir haqiqiy ijtimoiy integratsiyaga erishish yo‘lidagi muhim bir qadam deb hisoblayman. Bu buyumlarni yaratish jarayonida hech kim o‘zini chetga olmadi, hamma o‘z hissasini qo‘shib, o‘zi uchun yangi ko‘nikmalarni hosil qildi.

Mazkur tadbir ijtimoiy innovatsiyalarni amalda namoyish etishga kerakli zamin yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Tadbirning ko‘lami unchalik keng bo‘lmasligiga qaramay, u yangi va shu bilan birga oddiy, O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida ham hayotga tadbiq qilinishi mumkin bo‘lgan noyob g‘oyalar dunyoga kelishiga kuchli turtki bo‘ldi. Kerakli “hom ashyo”ni yig‘ish masalasi avval murakkab vazifa bo‘lib tuyulishiga qaramasdan, mazkur tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi bunday tadbirlarni O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham o‘tkazish mumkinligini isbotlab berdi.

- Tadbir g‘oyasi nihoyatda oddiyligi va O‘zbekistonda ijodkor, iste’dotli insonlar ko‘pligi bois, “Chiqindilar laboratoriyasi”ni xohlaga joyingizda o‘tkazish mumkin, - dedi BMT ko‘ngillisi va tadbir boshlo‘vchisi Jina Park, - Buning uchun inson chiqindi buyumlaridan tiskinmasdan, ularni amalda kerak bo‘ladigan buyumlariga aylantirish yo‘lini o‘ylab topishi lozim. Bunga misol bo‘lib quyosh energiyasida ishlaydigan o‘ziga xos suv isitgichni kashf etgan tadbirimiz ishtirokchilaridan biri kabi insonlar bo‘la olishi mumkin. Aynan shunday insonlar hayotimizga, turmushimizga haqiqiy ijobiy o‘zgartirishlar kiritishga qodir.

BMTTD va BMTning Ko‘ngillilar tashkiloti “O‘zbekistonda ijtimoiy innovatsiyalar va ko‘ngillilik” loyihasi O‘zbekistondagi an’anaviy ko‘ngillilik g‘oyalari va amaliyoti asosida amalga oshirilib, uning maqsadi butun respublika miqyosidagi ijtimoiy muammolarni yechishga o‘z hissasini qo‘shishdan iborat. Loyiha haqida matafsilroq ma’lumot olish uchun BMTTD O‘zbekiston veb-sayti va loyihaning Facebook dagi sahifasiga kirishingiz mumkin.