Akvakultura baliqchilikni takomillashtirishga yordam bermoqda

2014 Iyul 18

image

O‘zbekistonda, ayniqsa mamlakatning qishloq joylaridagi yerlarning 25 foisini tashkil etuvchi tog‘ va tog‘ oldi qismlaridabaliqchilik sohasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha asosiy zaxiralar mavjud bo‘lib, respublika o‘zining baliqchilik sohasini yanada takomillashtirish uchun kerakli salohiyatga ham egadir. O‘zbekistonda mazkur sohani rivojlantirish uchun kerak bo‘lgan barcha hom ashyolar mavjud bo‘lganligi bois, mamlakatda baliqchilik unumdorligini oshirish uchun hozirda faqatgina milliy mutaxassislarning bilim va tajribasini oshirish lozim.

BMTTD va Global ekologiya jamg‘armasining Kichik grantlar dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslardan biri tegishli ilg‘or bilim va ko‘nikmalarni tarqatish hamda mavjud bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklariga o‘z unumdorligini oshirishda yordam berish orqali O‘zbekistonda akvakulturani rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur loyiha doirasida 21 iyun kuni Toshkentda Fanlar akademiyasining O‘simlik va hayvonot dunyosining genofondi instituti va O‘zbekiston Fermerlari kengashi bilan hamkorlikda “Gulmohi (forel) – O‘zbekiston fermerlari uchun istiqbolli biznes imkoniyati” mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar davomida O‘zbekiston sharoitida baliqchilik xo‘jaligini yaratish, xususan, rangdor gulmohining daromaddor turlarini yetishtirish bo‘yicha barcha ilmiy-texnik ma’lumotlar hamda ushbu biznesning o‘ziga xos tomonlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Bir yil oldin o‘zining “Nur Ahmad” nomli baliqchilik va quyonchilik xo‘jaligini boshlagan Surxondaryolik tadbirkor Ahmad Tangriqulov ham mazkur seminarda ishtirok etib, boshqa tadbirkor, fermer va hukumat vakillari bilan birga mazkur sohadagi mutaxassislardan tegishli ma’lumot va tavsiyalar olishga hamda biznes yuzasidan tanish va hamkorlar orttirishga muvaffaq bo‘ldi.

- Meni baliqchilik sohasidagi barcha masalalar, yangi texnologiyalar qiziqtiradi, chunki baliq va chorva go‘shti sog‘lom oziq-ovqatning bir muhim qismi bo‘lishi mumkin, - deb ta’kidladi Ahmad Tangriqulov. Haqiqatdan ham, baliq oqsil, kalsiy va moyli omega-3 kislotalarining muhim manbai hisoblanadi. An’anaviy oziq-ovqatlar haqida gapirsak, bizning ratsionimizda deyarli har doim qo‘y va mol go‘shti mavjud, va taomlarimizning aksariyati qovurilib pishadigan taomlardan iborat. Baliq go‘shtini esa mol va qo‘y go‘shtining o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan sog‘lom taomlarni pishirish uchun ishlatsa bo‘ladi, qolaversa baliq ishlab chiqarish usullarini takomillashtirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha daromad manbai bo‘lishi ham mumkin.

Baliqchilik O‘zbekistonda nihoyatda daromaddor ish sanaladi. Mazkur xo‘jalik turining eng ustuvor tomonlaridan biri u ekologiya va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatishidir. Xususan, bu xo‘jalik butun yil davomida bozorlarga belgilangan narxdan yuqori sifatli baliqchilik mahsulotlarini yetkazib berishi evaziga tabiatda mavjud bo‘lgan chuchuk suvli daryolardagi baliq zaxiralariga o‘tkazilayotgan bosimni, yukni yengillashtirishga yordam beradi. Seminarda izoh berilgan baliqchilik xo‘jaligi sxemalari ancha kichikroq suv rezervuarlari va bir baliq hisobiga eng kam suv ishlatilishini ko‘zda tutib, umumiy suv iste’molni qisqartirishga yordam beradi. Xo‘jalikda ishlatilgan suv esa keyinchalikda yerlarni sug‘orish yoki boshqa qishloq xo‘jaligi maqsadlariga yo‘naltirsa bo‘ladi.

O‘zbekiston sharoitida samarador baliqchilik xo‘jaligini yaratish vazifasi nisbatan oson. Kerakli sharoitlarni hamma joyda mavjud bo‘lgan materiallardan yaratsa bo‘ladi, ya’ni mahalliy resurslardan nisbatan arzonroq narx evaziga foydalansa bo‘ladi. Yetishtirilayotgan gulmohi uchun kerakli yuqori sifatli yemni mazkur sohada boy tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ishlab chiqaruvchilaridan import qilish qimmatroq bo‘lsa, fermerlar o‘zlari ishlab chiqargan yemdan foydalansa ham bo‘ladi.

Qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalar hosil qilib, yangi xo‘jalik boshlash istagida seminarga kelgan Salim Soatov kabi fermerlar uchun baliqchilik nihoyatda daromaddor va foydali muqobil xo‘jalik turi bo‘lishi mumkin.

- Baliqchilik sohasidagi yangi texnologiyalarga juda qiziqaman. Bu kabi seminarda anchadan beri ishtirok itishni istab yuruvdim, - dedi Salim Soatov, - Biz poytaxtdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Tuyabug‘uz suv ombori yonida fermer xo‘jaligini yaratishga hamkor izlab yuribmiz.

BMTTD va Global ekologiya jamg‘armasining Kichik grantlar dasturi O‘zbekistonda bir qator tajribaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur loyihalar iqtisodiy jihatdan daromaddor bo‘lib, atrof-muhitni asrash nuqtai nazaridan ham foydali hisoblanadi. Bunday loyihalar haqida yanada batafsilroq ma’lumot olish uchun BMTTD O‘zbekiston veb-saytidagi Global ekologiya jamg‘armasining Kichik grantlar dasturi sahifasiga va Global ekologiya jamg‘armasining Kichik grantlar dasturi veb-saytiga kirishingiz mumkin.