BMTTDning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi – Milliy loyiha muvofiqlashtiruvchilarining uchrashuvi

2014 Iyun 10

imageBMTTD O‘zbekistonda - BMTTDning 2014-2017 yillarga mo‘ljallangan Strategik rejasi maqsadlari bilan tanishish

BMTTDning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi o‘zining keyingi Milliy loyiha muvofiqlashtiruvchilarining uchrashuvini o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv davomida ishtirokchilar alohida loyihalar doirasida hamda BMTTDning dasturiy faoliyati doirasida erishilgan yutuqlar bilan yanada chuqurroq tanishish va tashkilot keyingi yillarda yechishi lozim bo‘lgan masalalarni aniqlab olish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ushbu anjumanda inshtirokchilar BMTTDning 2014-2017 yillarga mo‘ljallangan Strategik rejasi maqsadlari bilan ham tanishib oldilar. 

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini ta’minlashda unga nafaqat bir alohida mamlakat sifatida, balki Markaziy Osiyoning eng yetakchi davlatlaridan biri sifatida qarash muhimligini ta’kidlab o‘tdilar. Shunday qilib, mintaqaning barcha beshta mamlakati o‘rtasida “Janub-Janub” formatidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. 

BMTning Mingyillik maqsadlariga erishish uchun belgilangan muddat, ya’ni 2015 yilning yaqinlashib kelayotganini inobatga olganda, respublika uchun keyingi yillarda eng dolzarb masalalardan biri shar va qishloqlar o‘rtasidagi farq va tengsizliklarni bartaraf qilish hamda butun mamlakat hududida ijtimoiy tenglikni o‘rnatish vazifasi bo‘lishi lozim deb ta’kidlashdi anjuman ishtirokchilari. Boshqa ustuvor vazifalar qatorida anjuman ishtirokchilari aholining kam ta’minlangaligi darajasini pasaytirish hamda qishloq joylarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilab, 2015 yildan keyingi barqaror rivojlanish dasturi uchun mustahkam poydevor yaratish vazifalarini tilga oldilar. 

Shuningdek, uchrashuv davomida BMTTDning 2014-2017 yillarga mo‘ljallangan Strategik rejasi doirasidagi faoliyatining maqsadlari batafsil belgilab olindi. Iqtisodiy boshqaruv sohasidagi asosiy yonalishlar siyosat borasidagi muloqotni yanada kengaytirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash orqali aholining bandlik darajasini oshirish hamda tashqi yordamning samaradorligini oshirish deb belgilandi. Samarador boshqaruv borasida qonunchilikni isloh qilish, ijtimoiy ishni alohida kasb darajasiga ko‘tarish hamda elektron hukumat tizimini yanada takomillashtirish asosiy yo‘nalishlar sifatida e’tirof etildi. 

Atrof-muhitni muhofaza qilish va energiya sohasida ham bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Xususan, respublikaga milliy suv resurslarini boshqarish strategiyasi va qo‘riqlanayotgan tabiiy hududlar tarmog‘ini kengaytirish talab qilinadi. Mamlakatda iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan salbiy holatlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tabiiy resurslardan tejamkorona foydalanish imkonini beradigan texnologiyalar bilan uzviy bog‘lash, tabiiy ofatlar xavflariga qarshi kurash borasida esa “Qamchiq” tog‘ o‘tishida zamonaviy erta ogohlantirish tizimini o‘rnatish va qidiruv-qutqaruv va o‘quv-mashq poligonini yaratish lozim. 

BMTTDning 2014-2017 yillarga mo‘ljallangan Strategik rejasida asosiy e’tibor umumiy inson taraqqiyoti konsepsiyasi, nisbiy kam ta’minlangalik darajasini pasaytirish hamda ijtimoiy tenglikni o‘rnatish masalalariga qaratilgan. Shuningdek, reja maqsadlari kam ta’minlangan aholi guruhlarini aniq belgilash va ularga aniq yordam ko‘rsatish borasida Hukumat salohiyatini oshirishni o‘z ichiga oladi.