Yoshlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik: O‘zbekiston uchun ajoyib imkoniyat

2014 Yanvar 28

imageBMTTD O‘ZBEKISTONDA

Global iqtisodiy inqirozi sharoitida hamda Yevropaning ba’zi qismlarida har ikkita yoshdan bir nafari ishsiz bo‘lib qolayotgan bir paytda yoshlar duch kelayotgan muammolar bora sari xalqaro hamjamiyatning e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Yoshlarni jamiyatning ijtimoiy hayotiga olib kirish, ular jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, o‘zlari tanlagan kasb va iste’dodlari doirasida jamiyatning hayotiga o‘z hissasini qo‘shishiga yordamlashish 21-asrda dunyo hamjamiyatining eng dolzarb masalalaridan biriga aylanmoqda.

Aynan shu sababli Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z hamkorlari bilan butun dunyo bo‘ylab yosh avlodlarning kelajagiga sarmoya tikib kelmoqda. Bundan tashqari, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy vazifalaridan biri yoshlarga yanada ko‘proq imkoniyatlarni yaratishdan iborat bo‘lishi lozim deb ta’kidladi. Bosh kotib o‘zining ikkinchi muddatdagi faoliyati davomida beshta asosiy ustuvor tamoyiliga ta’rif beruvchi hujjatda ta’kidlanishicha “aholining bandligini ta’minlash, tadbirkorlik, siyosiy integrallashuv, fuqarolik va huquq muhofazasi, ta’lim va reproduktiv salomatlik sohalarida amalga oshirilayotgan dasturlarimiz doirasida yoshlar masalalariga berilayotgan e’tiborni yanada kuchaytirish orqali insoniyat tarixidagi eng katta yosh avlodning e’htiyojlarini qondirishimiz zarur. Mazkur vazifani yechishimiz uchun BMT tizimi tegishli ish rejasini ishlab chiqib amalga oshiradi, BMTning Ko‘ngillilar tashkiloti doirasida yosh ko‘ngillilar dasturini ishlab chiqib Yoshlar ishlari bo‘yicha BMTning yangi Maxsus maslahatchisini tayinlaydi”.

Shu yili BMT O‘zbekistondagi o‘z faoliyatining 20-yilligini nishonlar ekan Pan Gi Mun ko‘rsatib o‘tgan yo‘nalishlarning aksariyati bo‘yicha O‘zbekistonda allaqachon keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, reproduktiv salomatlik sohasida “Y-Peer” dasturi yuzlab yoshlarni muhim tadbirlarga jalb etib kelayotgan bo‘lsa, ushbu yoshlar o‘z navbatida minglab boshqa yoshlar bilan ishlab kelmoqda. Ta’lim va bandlikni ta’minlash sohasida esa ko‘plab talabalar BMT bilan hamkorlik qilib qadimiy Buxoro shahri haqidagi geografik ma’lumotlarni raqamlashtirish tadbirida qatnashdi va bu jarayonda ular o‘zining kasbiy tajribasini ancha boyitishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, BMT yosh jurnalistlarni tayyorlashda ham o‘z yordamini berib ularga kasbiy faoliyati davomida yoshlarning fikrini yanada aniqroq ifodalashda yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib kelmoqda.

Xalqaro va mahalliy yosh ko‘ngillilar ancha vaqtdan beri BMTning turli loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqdalar. Qolaversa, BMT butun mamlakat bo‘ylab bir qator mahallalar bilan homkorlik qilib yoshlarni jamiyat hayotida yanada faolroq qatnashishiga da’vat qilib kelmoqda. Ushbu dasturlar biri-biridan farq qilganday bo‘lsada umumiy bir maqsadga qaratilgan, u ham bo‘lsa yoshlarga jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishiga, mamlakat rivojlanishi jarayonida ijobiy bir kuchga aylanishiga yordamlashishdir.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda bir aniq sohada yetakchi bo‘lib kelmoqda, u ham bo‘lsa yoshlarga ijtimoiy innovatsiyalarda ishtirok etish imkoniyatlarini yaratish sohasidir. Hech kimga sir emaski, jo‘shqinlik va shijoatga to‘lgan yoshlar katta ijodiy salohiyatga egadir. Yoshlar hozirda mavjud bo‘lgan ko‘plab muammolarning yechimini, masalan, raqamli texnologiyalarda ko‘ra bilishi mumkin, vaholanki yoshi kattaroq insonlar bu sohada ancha ortda qoldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yoshlar o‘z qudrati va innovatsiyalar sohasidagi salohiyatini ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirsa barchaga, xususan yangi yechimlarni qo‘llayotgan mahalla yoki qishloq aholisi, yangi tajriba orttirrib faolligi uchun e’tirof etilayotgan yoshlarning o‘zi va, qolaversa, yoshlarning g‘oyalari va shijoatini yuzaga chiqarayotgan BMTga foydali bo‘ladi. Yoshlar ulg‘ayish jarayonida o‘z yo‘lida ko‘p qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin, lekin shu bilan birga ular jamiyatga ko‘p foyda olib kelishi ham mumkin. BMT o‘zining O‘zbekistondagi faoliyatiga ko‘proq yoshlarni jalb etib ularning qiyinchiliklarini kamaytirish bilan birga mamlakat rivojiga ularning hissasini yanada ko‘paytirishga intiladi.