“Rahmat” mukofotini taqdirlash marosimi

2013 Dekabr 10

imageBMTTDning O‘ZBЕKISTONDAGI VAKOLATXONASI

“Jahon mamlakatlarining ko’pchiligi OIV infeksiyasiga tez sur’atlar bilan javob bermoqda… Bu borada qilinadigan ishlar hanuzgacha ko’p. Agar biz kelajagimiz OITSdan holi bo’lishini istasak, buning uchun doimiy ravishda mablag’, qat’iyat va yangi yondashuvlar zarurki, nol yangi OIV yuqishi hollari, nol kamsitish va OIV oqibatida nol o’limlar maqsadiga erishishimiz lozim” – dedi BMT Bosh Kotibi o’zining OITSga qarshi kurash kuniga bag’ishlangan murojaatida.

Erishilgan yutuqlarni nishonlash, masalalarni ko’tarish va ushbu epidemiya oldida birdamlikni namoyish etishni ko’zlab O’zbekiston Respublikasi dunyo hamjamiyati bilan birgalikda ushbu kunni qator tadbirlar bilan nishonladi. BMTTDning OIVga qarshi kurash bo’yicha loyihasining ko’magida OIV bilan yashayotgan insonlar nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tashkillashtirilgan “Rahmat” mukofotini taqdirlash marosimi mamlakatda o’tkazilgan eng yorqin tadbirlardan biri bo’ldi. Ushbu tadbirda mamlakatning barcha viloyatlaridan OIVga qarshi kurashning faollari yig’ildilar. Bular OIV bilan zararlangan insonlarni davolash va qo’llab-quvvatlash, OITS muammosi bilan shug’ullanadigan tashkilotlarning samaradorligini oshirish, bu borada yangi tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash borasida katta hissa q’oshgan tibbiy mutaxassislar, ijtimoiy ishchilar va OIV bilan yashayotgan insonlardir. 

Masalan, Xorazm viloyatidan ruxshunos Gulnora Ataeva “…ko’plab bemorlarning hayotini saqlab qolgani, ularni OIV infeksiyasi tufayli vujudga kelgan tushkunlikdan xalos qilgani, oilalarni tuzishdagi ko’magi, bemorlarga oilalari bilan bo’lgan mojarolarni hal qilishdagi yordami, OIV bilan zararlangan bolalarning ota-onasiga maslahat bergani, antiretrovirus terapiya bilan birga sog’lom turmush tarzini kechirishni targ’ib qilgani…” uchun taqdirlandi. Respublika OITSga qarshi kurash markazining direktori Nurmat Atabekov davolashni kengaytirish, mamlakatda ARV davolash bo’yicha Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining klinik protokollarini tez sur’atda moslashtirish va faol targ’bot ishlarini olib borishga qo’shgan hissasi uchun taqdirlandi. Loyiha menejeri Zokir Qodirov “Ishonch va Hayot” OIV bilan yashayotgan insonlarning nodavlat tashkilotini 2003 dan buyon qo’llab-quvvatlagani, shu jumladan, tashkilot tarafidan birinchi grantni qo’lga kiritishdagi va birinchi o’zaro yordam guruhini tashkillashtirishdagi ko’magi uchun taqdirlandi. OIV bilan yashayotgan insonlar faollarining “jasorati, ma’naviy kuchi va kasallikka qaramay to’laqonly hayot kechirishning namunasi bo’lishi” tadbir ishtirokchilarining alohida olqishiga sazovor bo’ldi. Masalan, Anastasiya Yumakaeva OIV tufayli vujudga kelgan tushkunlikdan xalos bo’lib, hozirgi kunda u eng yaxshi ijtimoiy ishchilardan biri hamda sog’lom farzandning baxtiyor onasidir. “Ushbu loyihaga kelganimda, OIV bilan hayotim tugadi degan fikrim naqadar noto’gri ekanligini angladim. Atrofimdagi insonlar mendan yordamlarini ayamadilar, menga naqadar kuchli inson ekanligimni tushunishimga ko’maklashdilar. Hozir men OIV bilan yashayotgan insonlar, ayniqsa homilador ayollar bilan ishlaganimda o’zim ularga yordamimni ulashaman” – deydi Anastasiya. OIVga qarshi kurash ancha murakkab soha bo’lib, u ishtirokchilardan qattiq mehnat hamda sa’y-xarakatni talab qiladi. Bunday tadbirlar yutuqlarni nishonlash, insonlarni ilhomlantirish hamda ular amalga oshirayotgan ish naqadar muhumligini yana bir bor ta’kidlash imkonini beradi. 

BMTTDning OIVga qarshi kurash bo’yicha loyihasi qator milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda amalga oshilirmoqda. Bu boradagi sa’y-xarakatlar natijasida bir qator yutuqlarga erishildi. Bular ichida, OIV bilan yashayotgan insonlar nodavlat tashkilotlarining vakillari mamlakatdagi eng yuqori OIV bo’yicha loyihalarni nazorat qilish organi – Muassasalararo Exspert Kengashiga saylanib, qarorlar qabul qilishda o’z ovoziga ega bo’ldi. Deyarli 8000 nafar inson antiretrovirus dori-darmonlar qabul qilmoqdalar, va 2013 yilning birinchi 9 oyi mobaynida 4000 nafardan ortiq OIV bilan yashayotgan insonlar va ularning oila a’zolariga parvarish etish va qo’llab-quvvatlash xizmatlari yetkazildi. Yuqorida qayd etilgan natijalar tantanada taqdirlangan insonlar yordamida qo’lga kiritildi. Bu mamlakatda OIV infeksiyasi tarqalishini to’xtatish, shu bilan birga OIV bilan yashayotgan insonlarning ovozini eshittirish borasidagi ko’p qirrali tadbirlarning kichik, ammo muhim qismidir. OIVga qarshi kurash yanada g’ayrat va shijoat bilan davom etadi.