BMT Bosh kotibining Umumjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan murojaati

2013 Dekabr 1

imageBMTTDning O‘ZBЕKISTONDAGI VAKOLATXONASI

Joriy yilning Umumjahon OITSga qarshi kurash kunini men nihoyatda ko‘tarinki ruhda kutib olyapman, negaki dunyoning aksariyat mamlakatlari OIV bilan bog‘liq muammolarni yoqori sur’atlarda yechib kelmoqda. OIV yuqtirish holatlari va o‘limlar soni sezilarli darajada kamayib, biz o‘z maqsadimiz, u ham bo‘lsa 2015 yilga qadar 15 million kishi antiretrovirus terapiyasidan foydalanaolishini ta’minlash maqsadi sari katta qadam qo‘ydik. Mazkur qadam OITS epidemiyasini to‘xtatib unga butunlay barham berishimiz uchun nihoyatda muhimdir.

Shu bilan birga, YuNEYDSning 2013 yil bo‘yicha tayyorlagan va Umumjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan hisobotida ko‘rsatilganidek, ba’zi mintaqa va mamlakatlardagi holat bizni xavotirga solmoqda. Jamiyatdagi “tamg‘alanish” va kamsitishga barham berishga qaratilgan tadbirlar orqali ijtimoiy jihatdan ojiz bo‘lgan aholini qamrashda ancha muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsakda, ushbu muammoni butunlay yechishimiz uchun hali ancha ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Biz qolgan to‘siqlarni, jumladan jazolovchi qonunlar va ijtimoiy uzoqlashuvga barham berishga shayligimizni yana bir bor isbotlab OIVni davolash bo‘yicha xizmatlardan foydalanaolmayotgan aholiga yordam qo‘lini cho‘zishimiz darkor.

Keyingi avlodlar OITS xavfidan xoli bo‘lishini ta’minlashimiz uchun biz bolalar orasida OIVni yuqtirish holatlarining oldini olib OIVga chalingan onalar davolanish xizmatlaridan foydalanaolishini ta’minlashimiz zarur. Ayollarga nisbatan kamsitish va zo‘rovonlik OIVga chalinish hamda OITSdan vafot etish xavfini kuchaytiradi. Shuning uchun men barcha mamlakatlarni ayollarga nisbatan kamsitish va zo‘rovonlikka barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishiga da’vat qilaman.

Butun dunyo miqyosida tegishli chora tadbirlarni moliyalashtirish manbalaridan eng yirigi bo‘lmish OITS, sil va bezgakga qarshi kurash bo‘yicha global jamg‘armasiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan barcha hamkorlarimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman. OITS va boshqa kasalliklarga qarshi kurash maqsadlariga muntazam ravishda mablag‘ ajratib kelayotgan iqtisodiy jihatdan dunyoning yetakchi mamlakatlari boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘la oladi. Bundan tashqari, ko‘plab o‘rta va kam daromadli mamlakatlar ham OITSga qarshi kurashga ajratayotgan mablag‘lar hajmini ko‘paytirgani e’tiborga sazovordir. 2015 yildan keyin OITS muammosini yechishga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun muqobil moliyalashtirish manbalarni izlashda mazkur mamlakatlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishga arziydi.

Hali ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Kelgusi avlodlarni OITSdan xalos etishni xohlar ekanmiz, amalda OIVga chalinish holatlarini kamaytirish, kamsitishlarga barham berish va OITSdan vafot etish holatlarini butunlay yo‘q qilishimiz uchun bizga uzoq muddatga mo‘ljallangan sarmoyalar, majburiyatlar va innovatsiyalar zarurdir. Umumjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan OITS o‘tmishda qolib ketishiga erishish sari sa’y-harakat qilishga shayligimizni isbotlashga chaqiraman.