Oiladagi tinchlikdan dunyodagi tinchlik sari

2013 Noyabr 25

imageBMTTDning O‘ZBЕKISTONDAGI VAKOLATXONASI

25 noyabrdan to 10 dekabrgacha BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va tegishli nodavlat tashkilotlar tomonidan “Oiladagi tinchlikdan dunyodagi tinchlik sari” xalqaro kampaniyasining milliy komponenti amalga oshiriladi. Ushbu kampaniya inson huquqlarini buzish turi deb hisoblanmish ayollarga nisbatan zo‘rovonlik masalalari to‘g‘risida aholining tushunchalarini boyitish hamda mazkur zo‘rovonlik turiga barham berish haqidagi g‘oyalarni targ‘ibot etishga qaratilgan. Bu yilgi aksiya doirasida Toshkent shahri hamda butun O‘zbekiston bo‘ylab trening mashg‘ulotlari, konferensiya va ma’lumot-tashviqot ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.

“Oiladagi tinchlikdan dunyodagi tinchlik sari” deb nom olgan xalqaro kampaniya ilk bora 1991 yil birinchi Ayollar jahon hamkorligi institute tomonidan amalga oshirilib, har yili Xalqaro Ayollarga nisbatan zo‘rovonlikka barham berish uchun kurash kuni, ya’ni 25 noyabrdan to Xalqaro inson huquqlari kuni, ya’ni 10 dekabrgacha amalga oshiriladi. Mazkur kampaniya ayollarga nisbatan zo‘rovonlikning barcha turlariga barham berishni da’vat qiladi, va bu maqsadga aholining inson huquqlarini buzish turi bo‘lmish ayollarga nisbatan zo‘rovonlik masalalari haqidagi tushunchalarini boyitish,  ayollarga nisbatan zo‘rovonlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan mahalliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash,  ayollarga nisbatan zo‘rovonlikka barham berishga qaratilgan mahalliy va xalqaro chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish hamda zo‘rovonlikka qarshi kurashayotgan dunyoning barcha ayollari hamnafasligi g‘oyasini targ‘ibot qilish orqali erishiladi.

O‘zbekistonda mazkur aksiya 2011 yildan boshlab har yili o‘tkazilib kelmoqda, va joriy yilda ushbu aksiya O‘zbekiston Nodavlat tashkilotlari milliy uyushmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Ayollar yig‘ini” nodavlat tashkiloti, Fuqoraviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamoat markazi, “Sharq ayoli” Xalqaro ayollar jamoat fondi, tegishli BMT agentliklari, Xalqaro kurash uyushmasi (aniqlanmoqda) va O‘zbekiston sharqiy yakkakurash va jang san’atini rivojlantirish markazi (aniqlanmoqda) tomonidan o‘tkaziladi. O‘tkan yili ushbu aksiya yoshlar, ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlar ichidan 6800 dan ortiq ishtirokchini qamrab olgan edi. Bu yili esa ishtirokchilar sonini 10000 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Toshkentda o‘tkaziladigan kampaniya doirasida “Oiladagi tinchlikdan dunyodagi tinchlik sari” aksiyasini olib borishda o‘z yordamini ko‘rsatadigan 20 ta mutaxassisni tayyorlash bo‘yicha treninglar (20-22 noyabr), milliy aksiyaning boshlanishiga bag‘ishlangan doira suhbati va press-konferensiya (22 noyabr), Xalqaro kurash uyushmasi va/yoki O‘zbekiston sharqiy yakkakurash va jang san’atini rivojlantirish markazi vakillari ishtirokida Toshkentda aksiyaning ochilish anjumani (25 noyabr) hamda “Oiladagi tinchlikdan dunyodagi tinchlik sari” aksiyasi yakunlari bo‘yicha brifing (10 dekabr) kabi tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Doira suhbatlari va aksiyalar shuningdek O‘zbekistonning 14 ta hududida 25 noyabrdan to 10 dekabrgacha o‘tkazilishi kutilmoqda. Umumjahon OITSga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan press-konferensiya 22 noyabrda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan (aniqlanmoqda).

Bu yili mazkur kampaniyani o‘tkazishda sport uyushmalari muhim rol o‘ynaydi. Toshkentda o‘tkaziladigan doira suhbati va hududlarda tashkillashtiriladigan tadbirlar davomida namoyish etiladigan maxsus videorolik tayyorlanmoqda. Ushbu videorolikda ayollar uchun o‘z o‘zini himoya etish usullari, shuningdek zo‘rovonlik qilmaslik, intizom va matonat hamda tajovuzkorning kuchini uning o‘ziga qarshi yo‘naltirish tamoyillari namoyish etiladi. Aksiya davomida atletika va o‘z o‘zini himoya etish usullari amalda ko‘rsatib beriladi.

“16-kunlik” haqida – “Oiladagi tinchlikdan dunyodagi tinchlik sari” xalqaro kampaniyasi doirasida o‘tkazilishi kutilgan “16-kunlik” davomida ayollar haq-huquqlarini butun dunyoda tan olish borasida nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan to‘rtta tadbir, ya’ni 25 noyabr kuni nishonlanadigan Xalqaro Ayollarga nisbatan zo‘rovonlikka barham berish uchun kurash kuni, 1 dekabr kuni nishonlanadigan Umujahon OITSga qarshi kurashish kuni, 3 dekabr kuni nishonlanadigan Xalqaro nogironlar kuni va 10 dekabr nishonlanadigan Xalqaro inson huquqlari kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.