7-maqsad: Arzon va toza energiya

Mo‘g‘il oila o‘z uyini elektr quvvati bilan ta’minlashda quyosh energiyasidan foydalanmoqda. BMT surati

Har bir insonning arzon, ishonchli va zamonaviy energiya manbalaridan foydalanish imkonini ta’minlash

1990 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida elektr quvvati bilan ta’minlangan aholi soni 1,7 milliardga ko‘paydi, biroq dunyo aholisining oshishi bilan birga arzon energiyaga bo‘lgan ehtiyoj va talab ham oshib boradi. Dunyo iqtisodiyotining qazib olinadigan yoqilg‘ilarga bog‘liqligi va atmosferaga chiqib ketuvchi issiqxona gazlari hajmining ko‘payishi tufayli yer sharimizning iqlim tizimida bir qator tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Mazkur o‘zgarishlar dunyoning barcha qit’alariga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelyapti.

Biroq, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan chora-adbirlar natijasida 2011 yilda butun dunyoda ishlab chiqarilayotgan energiyaning 20 foizdan ortig‘rog‘i yangilanuvchi energiya manbalariga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Lekin, hanuz har bir beshta insonning bittasi to‘lqonli va ishonchli elektr ta’minotidan mahrumdir. Elektr quvvatiga bo‘lgan talab butun dunyo bo‘ylab o‘sib borayotganini inobatga olgan holda, yangilanuvchi energiya manbalarini yanada ko‘paytirish katta ahamiyat kasb etadi.

2030 yilga qadar har bir inson arzon elektr quvvatidan foydalanishini ta’minlash uchun quyosh, shamol va issiqlik energiyasi manbalarini rivojlantirishga katta sarmoyalarni jalb etish talab qilinadi. Keng ko‘lamdagi texnologiyalarni hayotga tadbiq etish borasida iqtisodiy jihatdan asoslangan me’yor va andozalarni joriy etish orqali ham dunyo bo‘yilab turli sanoat inshootlari va jabhalarida elektr quvvatining iste’mol etilishi 14 foizga qisqarishiga erishish mumkin. Bunday chora 1300 dona o‘rta kattalikdagi elektr stantsiyalaridan vos kechishni nazarda tutadi. Barcha rivojlanayotgan mamlakatlarda toza energiyani ishlab chiqaruvchi infratuzilmalarni kengaytirish va tegishli texnologiyalarni takomillashtirish masalasi nihoyatda dolzarbdir. Ushbu masalaning yechilishi nafaqat iqtisodiy o‘sishga olib keladi, balki butun dunyo atrof-muhitini asrab qolishga ham katta yordam berishi muqarrar.

Barqaror energiya manbalarini rivojlantirish maqsadi Barqaror taraqqiyot 2030 dasturining 17 maqsadidan biridir. Belgilab olingan vazifalarni yechish uchun keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi “majmuaviy yondashuv”ni qo‘llash talab qilinadi.

7-maqsadga erishish bo‘yicha vazifalar haqida batafsil ma’lumot.