15-maqsad: Yer ekotizimlarini asrash   


Indoneziyadagi Pamung Krui Damar o‘rmoni. Surat: Yeva Fendiaspara/BMT

O‘rmonlardan oqilona foydalanish, qumlanishga qarshi kurash, yerlarning tanazzulga uchrashi jarayonini to‘xtatib, yerlarni qayta tiklash, biologik xilma-xillikning yo‘qolib ketishini to‘xtatish

Inson hayoti, faoliyati okeanlarga qanday bog‘liq bo‘lsa, yer resurslariga ham shunday bog‘liqdir. Inson iste’mol etadigan oziq-ovqatlarning 80 foizi o‘simlik dunyosi tomonidan ta’minlanadi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligi bizning iqtisodiy o‘sishimiz, taraqqiy etishimizning muhim bir tarkibiy qismidir. O‘rmonlar yer yuzasining 30 foizini qoplaydi, o‘simlik va hayvonot dunyosining millionlab vakillariga tabiiy yashash joyi bo‘lib xizmat qiladi, toza havo va suv manbaidir. Shu bilan birga, o‘rmonlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasida ham nihoyatda katta ahamiyatga egadir.

Bugungi kunda yer resurslarimiz ilgari misli bo‘lmagan darajadagi tanazzulga uchramoqda, ekin yerlari ilgarigiga nisbatan 30-35 karra qisqarib ketgan. Qurg‘oqchilik va qumlanish darajasi har yili ko‘tarilib kelmoqda va shuning natijasida hozirgi kunga kelib butun dunyoda 12 million gektar yer qurib, unumsiz bo‘lib qolgan. Bunday holatdan dunyoning eng qashshoq aholisi aziyat chekmoqda. Bizga ma’lum bo‘lgan 8300 turdagi hayvonlarning 8 foizi butunlay yo‘qolib ketgan, 22 foizi esa yo‘qolib ketish yoqasiga kelib qolgan.

Barqaror taraqqiyot maqsadlari 2020 yilga qadar o‘rmon, suv-botqoq yerlari, qurg‘oq yerlar va tog‘lar kabi yer ekotizimlarini saqlab qolish, muhofaza qilish, ulardan unumli va oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan. O‘rmonlardan unumli va oqilona foydalanish amaliyotini joriy qilish, o‘rmonlarning yo‘qolib ketishini oldini olish, to‘xtatish ham iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning yana bir muhim yo‘nalishidir. Bizning umumiy me’rosimiz bo‘lmish o‘simlik va hayvonot dunyosi, butun biologik xilma-xillik hozirda yuz tutayotgan muammolar tezkor choralarni qabul qilishimizni taqozo etadi.

O‘rmonlar va boshqa ekotizimlarni asrash Barqaror taraqqiyot 2030 dasturining 17 maqsadidan biridir. Belgilab olingan vazifalarni yechish uchun keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi “majmuaviy yondashuv”ni qo‘llash talab qilinadi.

15-maqsadga erishish bo‘yicha vazifalar haqida batafsil ma’lumot.