Raqamlar so‘zlaganda: o‘qituvchi, shifokor yoki san’at sohasi xodimi – O‘zbekistondagi ayollarga xos bo‘lgan kasb turlaridir

2014 Noya 25

Gender tengligi nafaqat dunyoning aksariyat mamlakatlaridagi dolzarb masala, balki BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari (MRM)dan biri hisoblanadi. U, shuningdek, BMT 2030 yilgacha amalga oshirishni ko‘zda tutgan Barqaror taraqqiyot maqsadlaridan biri sifatida qayd etilgan. O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan bir qancha ishlarni amalga olirib kelmoqda. Shunga qaramay, davlat va jamiyat e’tiborini qaratishi zarur bo‘lgan sohalar, jumladan iqtisodiyotning barcha tarmoqlari bor ekanini joriy statistik ma’lumotlardan kuzatish mumkin. Gender tengligi muammolari haqidagi xabardorlikni oshirish maqsadida BMTTDning “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash/2 bosqich” loyihasi joriy tendensiyalarni o‘zida aks ettirgan infografikani ishlab chiqdi.

Tayyorlangan infografikaga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar va erkaklar soni deyarli teng. Biroq hududlar nuqtai nazaridan olganda, shaharlardagi ayollar soni erkaklar sonidan ko‘proq va qishloq joylarda buning aksi. O‘rtacha olganda ayollar erkaklarga qaraganda deyarli besh yil ko‘p umr ko‘radilar va barcha jinoyatlarning 17%igina ayollarga to‘g‘ri keladi.

Ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokka to‘xtaladigan bo‘lsak, yechimini kutayotgan qator kamchiliklar mavjud. Infografika ma’lumotlarida ko‘rsatilishicha, gender bo‘yicha ayrim tengsizliklarni kuzatish mumkin. Raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, oliy o‘quv yurtiga kirayotgan 258,400 nafar talabaning 36.5%igina xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Aksariyat xotin-qizlar tabiiy fanlar va pedagogika, mos ravishda 50% va 60%dan ko‘proq, sohalarini o‘rganadilar. Biroq 18-19% qizlargina texnika oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishadi. Shunday ekan, xodimlari sonining 70%dan ortig‘i ayollarni tashkil etgan sog‘liqni saqlash, sport, ta’lim, san’at kabi sohalarda gender notengligi ko‘zga tashlanadi. Boshqacha qilib aytganda, o‘qituvchi, shifokor va san’at sohasi xodimi – ayollarga xos bo‘lgan kasb, deya atalishi mumkin. Nihoyat, gender tengsizligini davlat boshqaruvi sohasida ham ko‘rish mumkin. Boshqaruvdagi ayollar soni 27% dan ortmaydi, mahalliy boshqaruvda esa bu ko‘rsatkich atigi 19% ga teng. Ta’kidlash joizki, hokimlik lavozimida ayollar, afsuski, yo‘q.

Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish dunyodagi demokratiya taraqqiyotining muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Ta’lim va bandlik sohasida ayollar uchun yaratilgan teng imkoniyatlar qashshoqlik darajasi, shuningdek bolalar savodxonligi darajasining oshishi va aholining salomatlik darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa gender kamsitilishi va ayollarning huquqini kafolatlashga beparvo bo‘lmagan har qanday millat uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ayolning nafaqat oiladagi, balki butun jamiyatdagi rolini tushunish, shuningdek ko‘plab mamlakatlarda bu masalaga bog‘liq bo‘lgan kamchiliklarni hisobga olsak, gender tengligi BMTning dolzarb mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda.

Ko‘p yillardan beri O‘zbekiston hukumati BMTTD bilan hamkorlikda gender tengligi masalalari bilan shug‘ullanib kelmoqda va bu davrda ayollarning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ayollarning teng huquqliligi haqidagi xabardorlik darajasini oshganligi va byudjet jarayonlarida gender masalasini inobatga olishni kafolatlash kabi sezilarli o‘zgarishlarga ham erishdi.

Binobarin, infografikadan ko‘rinib turibdiki, ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar hali oldinda. O‘zbekistonda gender tengligini yanada takomillashtirish uchun quyidagi tavsiyalarni berish mumkin:

·         masofadan o‘qitish ta’lim tizimini ishlab chiqish;

·         an’anaviy erkaklarga “xos” bo‘lgan ixtisosliklarga ayollarni o‘qitish uchun maqsadli ajratmalar, kvotalar va stipendiyalar tashkil qilish;

·         milliy qonunchilikda nikoh yoshining teng bo‘lishini belgilab qo‘yish;

·         ayollarni mehnat bozoriga jalb etish maqsadida, xususan qishloq joylarda, yuqori sifatli maktabgacha tarbiya tizimini kengaytirish;

·         jamoat tashkilotlarida qat’iy belgilangan ish soatlarini joriy qilish va ularga tanlov asosida qabul qilish;

·         ayollar kam ishtirok etadigan sohalarda vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarni qo‘llash (ayol mutaxassislar reyestri, ayol ishchilar uchun 30%li kvota va hakazo);

·         kasb-hunar kollejlari talabalari bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar uchun barobar bo‘lmagan shart-sharoitlarga barham berish;

·         davlat xizmatchilari bo‘lgan ayollar uchun maxsus dasturlar joriy qilish, ularning boshqaruvchilik sifatlari va boshqaruv imkoniyatlarini oshirish;

·         stereotiplarga barham berishga yo‘naltirilgan axborot kampaniyalarini joriy qilish va butun aholi o‘rtasida gender savodxonligini yaxshilash, bunda erkaklarning ko‘proq ishtirok etishiga urg‘u berish;

·         davlat dasturlari va siyosatini ishlab chiqish jarayonida genderlar bo‘yicha alohida ma’lumotlarni muntazam to‘plab borish hamda ayollar va erkaklarning qiziqishlari, ehtiyojlarining tengligiga e’tibor berish.

Mazkur infografika O‘zbekistonda gender tengligi muammolari haqida davlat idoralari xodimlari hamda jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish maqsadida ishlab chiqildi.

BMTTDning MBTQQ-2 loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan hamkorlikda amalga oshirilib, uning maqsadlari mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini takomillashtirish orqali O‘zbekistonda samarali, hisobdor va inklyuziv mahalliy boshqaruv tizimini rivojlantirish, ularning hisobdorligi va ochiq-oydinligini oshirish hamda mahalliy boshqaruvda fuqarolarning ishtirokini ko‘tarishga qaratilgan. Shu bilan bir qatorda, loyiha O‘zbekiston hukumatining davlat xizmatini modernizatsiyalash, jumladan, uning huquqiy bazasini takomillashtirish, erkak va ayol davlat xizmatchilarining professional salohiyatini oshirish sohasidagi faoliyatiga ko’maklashadi.